ZOMIN TUMANI HOKIMINING QARORI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi PQ-439- sonli qarori ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi “Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-439-sonli qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, Respublikada yer osti suvlaridan foydalanish va quduq burg‘ulash tizimini yanada takomillashtirish, yer osti suv resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholi orasida suvdan oqilona foydalanish madaniyatini keng targ‘ib qilish, ularning miqdor jihatdan kamayib ketishi va ifloslanishining oldini olish hamda pirovard natijada aholini uzoq muddatli istiqbolda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunining 5-, 6- va 25-moddalariga asosan
QAROR QILAMAN:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi “Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-439-sonli qarori hamda viloyat hokimining 2023 yil 1 fevraldagi 59-3-0-Q/23-sonli qarorlari rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan:
Yer osti suvlariga quduq burg‘ilash va ulardan foydalanish bo‘yicha moratoriy joriy etiladigan, yer osti suvlari sathi pasayib ketayotgan hududlar ro‘yxatiga muvofiq tasdiqlanganligi; 2023-yil 1-yanvardan boshlab:
a) yer osti suvlarining ko‘p yillik o‘rtacha sathiga nisbatan suv sathi 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlarda yerlarni sug‘orish va ishlab chiqarish maqsadlariga gidrogeologik xulosa berish, yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash hamda mavjud quduqlardan yerlarni suv tejovchi texnologiyalarsiz sug‘orish taqiqlanishi, bundan tasdiqlangan davlat dasturlari doirasida va jismoniy shaxslar tomonidan chuqurligi 25 metrgacha bo‘lgan quduqlarni burg‘ilash hamda sutkasiga 5 metr kubgacha hajmdagi yer osti suvlarini shaxsiy ehtiyojlar uchun yakka tartibda olish mustasno;
b) yer osti suvlarining ko‘p yillik o‘rtacha sathiga nisbatan suv sathi 5 metrgacha pasaygan hududlarda yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilashga gidrogeologik xulosa va suvdan maxsus foydalanishga ruxsatnoma Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Davlat geologiya qo‘mitasi) tomonidan:
qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini sug‘orish maqsadlari uchun – suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish shartlari bilan Suv xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan holda;
ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun – hududiy rivojlantirish dasturlari va suvdan tejamli foydalanish shartlariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan kelishilgan holda berilishi;
v) qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suv tejovchi texnologiyalardan (tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret va boshqalar) foydalanilmaganda burg‘i quduqlaridan foydalanishni taqiqlash Davlat geologiya qo‘mitasi huzuridagi Kongeologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda – Inspeksiya) tomonidan amalga oshirilishi belgilanganligi; Shunday tartib o‘rnatilganki, unga muvofiq 2023-yil 1-apreldan boshlab:
yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash uchun ruxsatnoma berishning amaldagi tartibi bekor qilinadi hamda Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga (keyingi o‘rinlarda – burg‘ilovchi subyektlar) yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnoma berish tartibi joriy etilishi; burg‘ilovchi subyektlarga o‘z tasarrufidagi burg‘ilash uskunalarini GPStrekerlar bilan jihozlash va ularni doimo ishchi holatda saqlash majburiyatini yuklatish; qonunchilikda nazarda tutilgan tegishli texnik hujjatlarga ega bo‘lmagan burg‘ilash uskunalari yordamida yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash taqiqlanadi va Inspeksiya tomonidan bunday holatlar aniqlangan taqdirda, burg‘ilash uskunalarini musodara qilish yuzasidan sudga murojaat etishi; yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnomaning talab va shartlarini bajarmaganlik uning amal qilishini to‘xtatib turishga, gidrogeologik xulosasiz burg‘ilash ishlarini olib borish esa ruxsatnomani bekor qilishga asos bo‘lishi;
yer osti suv olish inshootlariga (burg‘i qudug‘i, buloq kaptaji) ega bo‘lgan barcha yer osti suvlaridan foydalanuvchilarga yillik suv olish miqdori to‘g‘risidagi hisobotni belgilangan tartibda Davlat geologiya qo‘mitasining hududiy gidrogeologiya stansiyalariga topshirish majburiyati yuklanishi;
aloqador tashkilot va idoralar, (shahri) tumanlar hokimliklari tomonidan shakllantiriladigan yer osti suvlari hisobiga suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha istiqbolli dasturlar Davlat geologiya qo‘mitasi bilan kelishilishi shart ekanligi; Yer osti suv sathi pasayib ketayotgan hududlarda suvdan oqilona foydalanish va suv sathi kamayishining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasiga muvofiq tasdiqlanganligi:
kompleks chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan mas’uliyat tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda viloyat hokimliklari zimmasiga yuklanganligi; Hududlarda yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasiga muvofiq tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Tuman hokimligi, Davlat kadastrlari palatasi tuman bo‘limi (F.O‘rolov) hamda Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab fuqarolar yig‘inlari a’zolari tomonidan o‘zlariga biriktirilgan hududlarda yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash holatlari bo‘yicha Inspeksiyaga yoki hududiy gidrogeologiya stansiyalariga xabar berib borilishini ta’minlasin.
4. Belgilansinki, yer osti suvlaridan foydalanuvchilarga: 2024-yil 1-yanvarga qadar yer osti suvlaridan foydalanishning aniq hisobini yuritish maqsadida o‘z tasarrufidagi yer osti suv olish inshootlarini suv hisoblash vositalari bilan belgilangan tartibda jihozlash majburiyatini yuklatish;
2024 yil 1-yanvardan boshlab suvni hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan yer osti suv olish inshootlaridan foydalanish taqiqlanadi (bundan jismoniy shaxslarga shaxsiy va xo‘jalik ehtiyojlari uchun yakka tartibda sutkasiga 5 metr kubgacha bo‘lgan miqdorda yer osti suvlarini olish mustasno).
5. Tuman Davlat soliq inspeksiyasi (G‘.Xudoyqulov):
yer osti suvlaridan foydalanuvchilar tomonidan suv olish inshootlarida o‘rnatilgan suvni hisobga olish vositalari plombalanishi, ro‘yxatga olinishi va ishchi holatining monitoringini ta’minlab borish; yer osti suvlaridan foydalanuvchilar tomonidan suvni hisobga olish vositalarisiz suv olinganida soliq to‘lovini belgilangan soliq stavkasining besh baravari miqdorida undirish choralarini ko‘rsin.
6. Tumandagi tegishli korhona va tashkilotlar:
bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7 dekabrdagi PQ-439-sonli qarori bilan tasdiqlangan ilovadan kelib chiqib, tegishli hududlarda yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlash; Inspeksiya, Davlat soliq boshqarmasi hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘limi bilan birgalikda doimiy asosda yer osti suv quduqlarini noqonuniy burg‘ilash va suv olish holatlari ustidan nazoratni kuchaytirsin va ta’sirchan choralar ko‘rib borsin.
7. Tuman “Sharq tongi” gazetasi (X.Sidiqov), ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi (R.Mamadaminov), “ Suvta’minoti” MChJ tuman filiali (N.Azimov), tumandagi tegishli korhona va tashkilotlar bilan birgalikda yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan tizimli ravishda teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar tayyorlanishi va efirga uzatilishini ta’minlasin.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib viloyat “Suvta’minoti” MChJ tuman filiali boshlig‘i N.Azimov, Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i G‘.Xudoyqulov belgilansin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining o‘rinbosarlari T.Usmonqulov, X.Yaxshiboev zimmalariga yuklansin.
Zomin tumani hokimi A. ABDUG’ANIYEV