Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari
Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalasi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylanib bormoqda.
Bu sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘si yanada mustahkamlanishiga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda indekslardagi mavqei yaxshilanishiga xizmat qilishga qaratilgan, O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlarini belgilab beruvchi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi 2020 yil 22 iyun qabul qilingan edi.
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham «Inson qadri uchun» tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish bilan birga inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarning mazmun mohiyatini tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7-fevral kunidagi PQ-46-sonli qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining tasdiqlanishi bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarda yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Milliy ta’lim dasturida qayd etilishcha, inson huquqlarini ta’minlash sohasida olib borilgan monitoring natijalarida ta’lim muassasalarida «Inson huquqlarini o‘rganish» maxsus o‘quv kursini o‘qitish to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligi, hatto mazkur fanlar mutaxassis bo‘lmagan o‘qituvchilar tomonidan o‘qitilayotganligi, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari xodimlarining inson huquqlari bo‘yicha malakasini oshirish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yilmaganligi, sohadagi bu kabi boshqa kamchiliklar mamlakatimizda aholining, ayniqsa, yoshlarning inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirishga, ularda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat hissining shakllanishiga, davlat xizmatchilarining inson huquqlari va gender tenglik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarining oshishiga to‘sqinlik qilayotganligi, mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha ta’limni tashkil etishga zhtiyoj mavjudligini ko‘rsatgan.
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish hamda keng jamoatchilik muhokamasi, xalqaro va milliy maslahatlashuvlar natijasida mazkur Dastur ishlab chiqilgan.
Dasturning asosiy maqsadi BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi qoidalari va inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish, shuningdek, aholi barcha qatlamlarining inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi milliy va xalqaro standartlar to‘g‘risida xabardorligini, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishdan iborat bo‘lib, uning asosiy vazifalari, yoshlarning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xabardorligini oshirish, davlat organlari xodimlarining inson huquqlari va gender tenglik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, inson huquqlari sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining inson huquqlari sohasida xabardorligini oshirish, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish, zamonaviy texnologiyalar, badiiy asarlar, ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya tizimining samaradorligini oshirish, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iboratdir.
Mavjud muammolarni hal etish maqsadida Dasturda yoshlarning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xabardorligini oshirish, davlat organlari xodimlarining inson huquqlari va gender tenglik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, inson huquqlari sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining inson huquqlari sohasida xabardorligini oshirish, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish, zamonaviy texnologiyalar, badiiy asarlar, ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya berish tizimining samaradorligini oshirish yo‘nalishlarida muhim vazifalar belgilab berilgan.
Jizzax tumanlararo ma’muriy
sudining sud’yasi
M.M.Yuldashev