Halok bo‘lgan harbiylar va xizmatchilarning oilasi uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy etilmoqda
Davlatimiz rahbarining «Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, halok bo‘lgan harbiylar va xizmatchilarning oilasiga beriladigan imtiyoz va kafolatlar ko‘lami kengaytirildi.
Mazkur hujjatga asosan, joriy 1 apreldan boshlab halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga bir yo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida hamda harbiy xizmatchilarning davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida harbiy xizmatchi halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida belgilab qo‘yildi.
Kelgusida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga ular tomonidan belgilangan miqdorda (mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan summadan oshmagan holda) mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning tegishli hududda istiqomat qiluvchi oila a’zolariga har oy to‘lanadigan nafaqa tayinlash tartibini belgilash huquqi beriladi.
Shuningdek, 2023 yil 1 maydan boshlab oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul ta’minotining 50 foizi miqdorida belgilandi. Oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, 23 yoshga to‘lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.
Belgilangan tartibda turar joyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turarjoy bilan ta’minlanadi.