Bugun "Yoshlar markazi"dagi kitobsevarlar xonasida anʼanaviy tarzda davom etayotgan "Isteʼdodli yoshlar toʼgaragi"ning navbatdagi yigʻini boʻlib oʻtdi. Quvonarlisi, mazkur mahorat darslarida tumandagi umumtaʼlim maktablaridan tashrif buyurgan yangidan yangi iqtidorlar kashf qilindi.
Mazkur mahorat saboqlari biz uchun ham sinov va darddir, deydi toʼgarak rahbarlaridan biri, Oʼzbekiston Yozuvchilar Uyushmasi aʼzosi, zominlik shoir Ulugʻbek Hojimurod. -Sababi, har bir yigʼinda yangi iqtidorlar bilan toʼqnash kelamiz, yangi fikr, yangi gʼoya tugʻiladi. Ular bilan ishlash jarayonida chin dildan adabiyot, badiyyat olamiga gʼarq boʼlamiz. Sodda, samimiy fikrlar turtki, ilxom beradi bizga ham.
Toʼgarak yigʻini Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Zomin tuman boʼlinmasining "Kitobxon haftaligi" tadbirlariga ulanib ketdi. Boʼlinma rahbari mazkur toʼgarak faoliyatiga katta hissa qoʻshayotgan targʼibotchilar Ulugʻbek Hojimurod, Dilbar Donaboyevalarga, ijodiy hamkorlikda boʻlgan mahalliy ijodkorlardan Ehson mirzoga haftalik mobaynidagi faolligi uchun Tashakkurnoma va esdalik sovgʻalarini tantanali tarzda topshirdi.
Tadbir yakunida toʼgarak aʼzolari boʼlgan yosh ijodkorlar, kitobxon oʼquvchilardan 6-maktab oʼquvchisi Feruza Boytemirova, 16-maktab oʼquvchisi Aziza Anorboyeva, 24-maktab oʼquvchisi Dildora Abdugʻafforovalar ham kitoblar toʻplami bilan taqdirlandi. Boʼlinma rahbari Gʼanisher Saydullaev barcha faol ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirib, kelgusi ijodiy faoliyatlariga muvaffaqiyat tiladi.
Zomin tumani hokimligi
Axborot xizmati