“MAHALLA BUDJETI” TIZIMINI JORIY ETISH ORQALI MAHALLALARNING MOLIYAVIY IMKONIYATINI YANADA KENGAYTIRISH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini yig‘ish ko‘rsatkichlarini oshirish orqali yangi ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish maqsadida:
1. Mahallalar tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini (keyingi o‘rinlarda — mol-mulk va yer solig‘i) aholining soliq to‘lash savodxonligini oshirish orqali undirishga ko‘maklashish va har bir mahalla o‘zining muammosini mustaqil hal etishi uchun 2023-yil 1-yanvardan boshlab ilovada ko‘rsatilgan va soliqlarni undirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan tumanlarda “Mahalla budjeti” tizimi huquqiy eksperiment tariqasida joriy etilsin.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq “Mahalla budjeti” tizimi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda har bir mahallaning o‘ziga xos xususiyati va salohiyatidan kelib chiqqan holda qo‘shimcha manbalarni izlash va shu asosda ularning daromadlari bazasini kengaytirish yo‘li bilan mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armalarining (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) daromadlari parametrlarini so‘zsiz bajarish bo‘yicha faoliyat muvofiqlashtirilgan holda yo‘lga qo‘yiladi.
3. Belgilansinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab, ilovaga muvofiq tumanlarda mol-mulk va yer solig‘i (bundan noturar joylar bo‘yicha mol-mulk va yer solig‘i mustasno) bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar tuman budjetlari orqali tegishli Jamg‘armalarga yo‘naltiriladi.
4. Davlat soliq qo‘mitasi 2023-yil 1-martga qadar mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan, to‘langan mablag‘lar va soliq qarzdorliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan fuqarolarning o‘zini o‘z boshqarish organi tomonidan real vaqt rejimida foydalanish imkoniyatini yaratsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
a) “Mahalla budjeti” tizimi asosida shakllantirilgan mablag‘lar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
mazkur qarorning 3-bandida nazarda tutilgan mol mulk va yer solig‘idan ajratmalar;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-avgustdagi “Mahalla institutining jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlash va moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-353-son qarori 2-bandining “a” kichik bandida nazarda tutilgan mablag‘lar;
b) “Mahalla budjeti” tizimi asosida shakllantirilgan mablag‘lar “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilgan fuqarolar yig‘ini kengashi tomonidan boshqariladi.
Bunda:
fuqarolar yig‘ini kengashi yig‘ilishlarida “Mahalla budjeti” tizimi asosida shakllantirilgan mablag‘lardan foydalanish yo‘nalishlari kelishib olinadi;
fuqarolar yig‘ini kengashi tarkibiga mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchisi ham kiritiladi.
6. Belgilansinki, fuqarolarning o‘zini o‘z boshqarish organi tomonidan “Ochiq budjet” axborot portaliga quyidagi ma’lumotlar joylashtirib boriladi:
“Mahalla budjeti” tizimi asosida shakllantirilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilishi taklif etilayotgan va amalga oshirilgan tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha soliq qarzi haqidagi ma’lumotlar.
7. Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi hamda Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi:
2023-yil 1-iyulga qadar huquqiy eksperiment natijalari to‘g‘risidagi axborotni va ushbu tizimni respublikaning barcha tuman (shahar)larida joriy etish yuzasidan takliflarni;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri v.b. T.A. Xudaybergenov va moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV