Ma’lumki, o‘tgan 2022 yilning 26 dekabrida Prezidentimizning “Mahalla byudjeti” tizimini joriy etish orqali mahallalarning moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–458-sonli qarori qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan Respublikamizdagi soliqlarni undirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan 14 ta tumanda huquqiy eksperiment tariqasida “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi.
Mazkur tumanlarda mol-mulk va yer solig‘i (noturar joylar bo‘yicha mol-mulk va yer solig‘i bundan mustasno) bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasigacha tuman byudjetlari orqali tegishli Jamg‘armalarga yo‘naltiriladi.
2023 yil 1 martgacha mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan, to‘langan mablag‘lar va soliq qarzdorliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan mahallalar real vaqt rejimida foydalanishi imkoniyati yaratiladi.
“Mahalla byudjeti” tizimi asosida shakllantirilgan mablag‘lar “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilgan fuqarolar yig‘ini kengashi tomonidan boshqariladi.
Mazkur qaror ijrosi bo‘yicha bugundan tumanimizdagi “Birlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yig‘in raisi boshchiligida xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi, hokim yordamchisi, bir qator ko‘chalar oqsoqollari hamda mahalla faollari uyma-uy yurib, aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borishmoqda.
Yer-mulk solig‘idan qarzdorlik bo‘yicha 27 ta xonadonlarga kirilib, qarzdorlikni bartaraf etish, buning natijasida mahalla infratuzilmasini shakllantirish, iqtisodini yaxshilash, kam ta’minlangan oilalarga ko‘mak berish maqsadlarida ishlar olib borilishi yuzasidan tushuncha berib o‘tildi.
Darhaqiqat, vaqtida to‘langan soliqlarning ma’lum qismi, ushbu hududdagi muammolarni hal etishga yo‘naltirishini hisobga olinsa, endilikda har bir fuqaro faol soliqchi sifatida o‘z mahallasi, ko‘chasi farovonligi uchun ham mazkur harakatda faollik ko‘rsatishi ham qarz, ham farzdir.
Zomin tumani hokimligi
Axborot xizmati
скачать dle 12.0