Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatida oʻtkaziladigan koʻpkari uchun Zomin qoʻriqxonasidan boʻri olib kelinishi haqida tarqalgan xabar yuzasidan Sirdaryo va Jizzax viloyatlari Ekologiya hamda Ichki ishlar boshqarmalari xodimlari tomonidan tezkorlik bilan hamkorlikdagi oʻrganish ishlari olib borildi. Sirdaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi hamda Ichki ishlar xodimlarining oʻrganishlarida videotasvirdagi fuqarolardan biri Xovos tumanining “Istiqlol” MFYda yashovchi fuqaro Sh.R ekanligi aniqlandi. Oʻrganishlar davomida Sh.R koʻpkariga sovrin uchun boʻri qoʻyishni maqsad qilgani, videotasvirdagi holat Jizzax viloyatining Zomin tumanida tasvirga olingani va boʻri ushbu tumanda yashovchi fuqaro E.A ning uyida saqlanayotganligini bildirgan. Holat yuzasidan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Jizzax viloyati Ekologiya va Ichki ishlar boshqarmalari xodimlariga tegishli maʼlumotlar taqdim qilindi. Ushbu maʼlumotlarga asosan Zomin tumani Ekologiya boʻlimi va ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borilgan oʻrganishlar davomida “Turkman” MFYda yashovchi K.Gʻ. ismli fuqaro oʻz xonadonida boʻrini noqonuniy tarzda tutqunlikda saqlab kelayotganligi aniqlandi. Ushbu fuqaro bu harakati bilan Oʻzbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunining 4, 32, 33-moddalari talablarini buzgan. Shundan kelib chiqib, mazkur fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 90-moddasi, 1-bandiga asosan BHMning 10 baravari, yaʼni 3 mln. soʻm miqdorida jarima belgilandi. Davlat inspektorlari tomonidan boʻrining holati koʻzdan kechirilganda, jonivor sogʻlom ekanligi maʼlum boʻldi. Shundan soʻng boʻri tabiat bagʻriga qoʻyib yuborildi. Tabiat resurslari vazirligi ushbu jarayonda faol ishtirok etgan soha xodimlari va hamkorlikda yaqindan yordam bergan Ichki ishlar hamda Zomin tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi xodimlariga oʻz minnatdorligini bildiradi.
Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati