“BIZ – GIYOHVANDLIKKA QARSHIMIZ!”
Voyaga yetmaganlar orasida zararli odatlarning oldini olish, turli giyohvandlik va psixotrop moddalar iste’moliga chek qo’yish, jamiyatda yurish-turish qoidalarini targ’ib qilish maqsadida bugun Zomin tuman “Gallakor” qishloq fuqarolar yig’inida joylashgan 65- tarmoq maktabida «Voyaga yetmaganlar orasida giyohvand va psixotrop vositalarining tarqatilishiga qarshi kurash” mavzusida tezkor-profilaktik tadbir o’tkazildi. Tadbirda Zomin tuman 3-sonli IIB XPG TP profilaktika inspektori, kapitan G’anijon Abdukarimov, maktab Ma’naviyiy- ma’rifiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari Olloberdi Farmanov va fuqarolar yig’ini faollari ishtirok etdilar.
3-sonli IIB XPG TP profilaktika inspektori G’. Abdukarimov yig’ilishda zararli odatlar va illatlarning kelib chiqishi, tarqalishi hamda uning salbiy oqibatlari haqida ma’ruza qildi. Tadbirda ma’ruzachilar giyohvandlik va unga qarshi kurash muammosi faqat bugunimiznigina emas, balki, kelajagimiz uchun ham muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar. Yosh avlod – aziz farzandlarimizning ma’naviy qiyofasiga, ularning jismoniy kamoloti va axloqiy pokligining darajasiga bevosita va bilvosita bog‘liq ekanligi aytib o’tildi. Shu bois yoshlar tarbiyasi masalasi respublikamiz istiqlolining dastlabki kunlaridanoq davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g’risida”gi Qonunning qabul qilinishi, yosh kadrlarni tarbiyalash yuzasidan Milliy dasturning ishlab chiqilishi, eng birinchi davlat mukofotlaridan biri sifatida “Sog‘lom avlod uchun” ordenining ta’sis etilishi ana shu yo’ldagi muhim qadamlardir. Profilaktik tadbir interfaol uslubda, o’zaro savol-javoblar asosida, jonli, hayotiy misollar yordamida bo’lib o’tdi. Insoniyat uchun xavf tug‘dirayotgan global darajadagi dolzarb muammolardan biri – giyohvandlik balosidan saqlanish yo’lida barcha birdek bahamjihat harakat qilishi lozimligi ta’kidlandi.
Zomin tumani hokimligi
Axborot xizmati