Farzand tarbiyasi va uning kamolga yetishida ota-onadek muhim o‘rin tutuvchi shaxs yo‘q. Farzandlarni tarbiyalash va ularni voyaga yetkazishda ota-ona va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning qator vazifa va majburiyatlari bor. Ushbu majburiyatlardan biri voyaga yetmagan farzandlarni ular voyaga yetgunga qadar moddiy ta’minlashdir. Asliga barcha tirik mavjudot uchun bolani voyaga yetgunga qadar moddiy ta’minlash ya’ni unga oziq-ovqat berish, xavf-xatarlardan himoya qilish, yashash uchun kurashni o‘rgatish hayotiy instinkt hisoblanadi. Ammo bazi ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar voyaga yetmagan farzandlarini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlashi kabi holatlar ham uchrab turadi.
Adolatli jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash muhim vazifa hisoblanadi, shu bois milliy qonunchiligimizda voyaga yetmagan shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilangan. Xususan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning
474-moddasida “Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik” uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan bo‘lib, mazkur moddaga ko‘ra moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga yoki Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Mazkur moddaning ikkinchi qismiga muvofiq birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
Shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining
122-moddasida “Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash” uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning
2-qismiga muvofiq o‘sha qilmish xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning 3-qismiga muvofiq agar shaxs aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lagan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi.
Avvalo voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlash har bir ota-ona va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning insoniy burchi va majburiyati hisoblanishini, ushbu majburiyatlarni bajarishdan qasddan bo‘yin tovlash esa ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini unutmaslik lozim.
N.Ernazarov
Jizzax viloyat sudi
Jinoyat ishlari bo‘yicha
sudlov hay’ati sudyasi