Fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar ma’muriy sudga taalluqlidir.
Davlat boshqaruvi organlari, ma’muriy huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari sudda nizo predmeti hisoblanadi.
Bundan tashqari ma’muriy sud ishlarini yuritishda mazkur shaxslarning qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) bilan bir qatorda idoraviy me’yoriy-huquqiy hujjatlar ham predmet sifatida e’tirof etiladi.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish jarayonida aniqlashtirilishi talab etiladigan tushunchalardan yana biri «ma’muriy organ» tushunchasidir.
«Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasiga binoan ma’muriy-huquqiy faoliyat sohasida ma’muriy boshqaruv vakolati berilgan organlar, shu jumladan, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek, ushbu faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa tashkilotlar va maxsus tuzilgan komissiyalar ma’muriy organlardir.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 27-moddasida davlat boshqaruvi organlari, ma’muriy huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlar ma’muriy organ sifatida qayd etilgan.
Hozirgi kunda ma’muriy sud ishlarini yuritishda ma’muriy organlar bilan bog‘liq quyidagi muammolar mavjud:
Birinchidan, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 186-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, agar ushbu kodeks yoki o‘zga qonunlarda boshqa muddatlar belgilanmagan bo‘lsa, ma’muriy organ, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, ular mansabdor shaxslarining qarori, harakati (harakatsizligi) ustidan ariza (shikoyat) manfaatdor shaxsga o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgani to‘g‘risida ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran uch oy ichida sudga berilishi mumkin.
Amaldagi Fuqarolik kodeksining 150-moddasida umumiy da’vo muddati uch yil qilib belgilangan.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 26-moddasi to‘rtinchi va beshinchi qismlariga muvofiq o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ba’zilari ma’muriy sud, boshqalari fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga taalluqli bo‘lgan bir nechta talab birlashtirilgan taqdirda, barcha talablar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘rilishi lozim.
Ammo o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ba’zilari ma’muriy sud, boshqalari iqtisodiy sudga taalluqli bo‘lgan bir nechta talabni birlashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan ko‘rinadiki, nizo ma’muriy sud tomonidan ko‘riladigan bo‘lsa, unda sudga murojaat qilishning uch oylik muddati qo‘llaniladi. Agar qo‘shimcha talab bo‘lib, u fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘riladigan bo‘lsa, unda o‘z-o‘zidan uch yillik muddat qo‘llaniladi.
Shuningdek, aynan bir xil nizo bo‘yicha ma’muriy sudda talab shikoyat shaklida qabul qilinsa, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo arizasi shaklida murojaat etiladi.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: nega ma’muriy va fuqarolik sudiga taalluqli bo‘lgan talab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘riladi-yu iqtisodiy sudga taalluqli talab bilan ma’muriy sudga taalluqli talab birga ko‘rilishi mumkin emas? Bunday nomuvofiqlik turli chalkashliklarni keltirib chiqarmoqda.
Ikkinchidan, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 86-1-moddasiga asosan iqtisodiy sud tomonidan berilgan ijro hujjati bo‘yicha davlat ijrochisining chiqargan qarori ustidan undiruvchi yoki qarzdor tomonidan ijro hujjatini bergan iqtisodiy sudga yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga o‘n kunlik muddatda shikoyat berilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan hollarda davlat ijrochisining qarori ustidan qaror chiqarilgani haqida xabar qilingan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda davlat ijrochisi joylashgan yerdagi umumiy yurisdiksiya sudiga yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxsga shikoyat beriladi.
Qolaversa, davlat ijrochisining qaroriga qonunda belgilangan tartibda prokuror tomonidan protest keltirilishi mumkin.
Ushbu qonun talabi sud ishlarini yuritishning protsessual talablariga mos kelmaydi. Chunki davlat ijrochisining har qanday qarori, xatti-harakati yoki harakatsizligi ustidan beriladigan shikoyatlar ma’muriy sudga taalluqli hisoblanadi.
Yuqorida qayd etilgan qonun talabi bo‘yicha hozirda iqtisodiy sudlar tomonidan berilgan ijro varaqalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ijro ishi yuzasidan qabul qilingan davlat ijrochisining qarori yuzasidan iqtisodiy sudlarda nizolashilayotgan bo‘lsa, aynan shu ijro hujjati bo‘yicha davlat ijrochisi tomonidan amalga oshirilgan harakatlar bo‘yicha nizolar ma’muriy sudlarda ko‘rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari hozirgi kunda sud tizimida «umumiy yurisdiksiya sudlari» mavjud emas.
Uchinchidan, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 276-moddasiga muvofiq ijro varaqasi faqat pul mablag‘larini undirish to‘g‘risidagi hujjatlar bo‘yicha ma’muriy sudlar tomonidan beriladi.
Boshqa ajrimlar (qarorlar) majburiy ijroga taqdim etilmaydi. Chunki sudlar tomonidan ular bo‘yicha ijro varaqasi berilmaydi, shuningdek, ma’muriy sudning ajrimi (qarori) ijro hujjati hisoblanmaydi.
Ko‘rinib turibdiki, ma’muriy ishlar bo‘yicha sud hujjatlarining ijro etilishiga to‘siq bo‘layotgan huquqiy kolliziya oqibatida ko‘pgina hujjatlar ijro etilmayapti. Bu hol sud ishlari ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlariga ziyon yetkazmoqda.
Ma’muriy sud ishlarini yuritishdagi bunday muammolarni hal etish uchun ma’muriy sudga murojaat qilish muddatini qayta ko‘rib chiqish, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 26-moddasi to‘rtinchi va beshinchi qismlarini bir-biriga muvofiqlashtirish, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 86-1-moddasini yangi tahrirda qabul qilib, bunda davlat ijrochisining har qanday qarori ustidan beriladigan shikoyatlar ma’muriy sudga taalluqli ekani haqidagi qoidani kiritish talab etiladi. Shuningdek, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 276-moddasiga ma’muriy sud tomonidan qabul qilinadigan har qanday mulkiy va nomulkiy tusdagi hal qiluv qarorlari bo‘yicha ijro varaqasini berish haqidagi qoidani kiritish maqsadga muvofiqdir. Bunday o‘zgartishlar odil sudlov samaradorligini ta’minlashi barobarida fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga yanada keng imkon yaratadi.
Jizzax tumanlararo
ma’muriy sudining sud’yasi M.M.Yuldashev