Demokratik davlatlarning asosiy belgilaridan biri bu – huquq ustuvorligining ta’minlanganligi holatidir. Yurtimizda ham demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyatini qurish yo`lida mustaqillikka erishganimizdan buyon bir qator qonun hamda qonunosti normativ huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda.
Mahkumlar huquqlariga oid normativ hujjatlar ham shular jumlasidandir. 2023-yil 15-fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunning qabul qilinishiga yetarli asoslar mavjud.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mahkumlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishini, ularning huquq va erkinliklariga rioya etilishini, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda, shu jumladan ozodlikdan mahrum etish joylarida mahkumlarni saqlash shart-sharoitlarini insonparvarlik nuqtai nazaridan yanada yaxshilashni nazarda tutuvchi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Ushbu Qonun bilan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning umumiy mehnat stajiga ishlangan hamda ijtimoiy soliq to‘langan davrni qo‘shib hisoblashni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shu bilan birga, jinoyat-ijroiya qonunchiligiga mahkumlarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoxud jazo turlarining qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi normalar, shuningdek mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligini belgilovchi mezonlar kiritilmoqda.
Mazkur Qonun mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Jumladan O’zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksi 971-moddasi bilan to’ldirildi. Ushbu moddaga ko`ra jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligi ushbu Kodeksning 1021-moddasida nazarda tutilgan komissiya tomonidan har chorak yakunlariga ko‘ra quyidagi mezonlardan biri asosida belgilanadi:
mahkumning mehnatga vijdonan munosabatda bo‘lishi, belgilangan mehnat normalarini bajarishi, ongli ravishda mustaqil ishlash ko‘nikmalarining shakllanganligi, o‘qishga va kasb-hunar o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi;
mahkumning jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlardagi ishtiroki, uning tashabbusi, boshqa mahkumlarga ibrat bo‘lishga intilishi;
mahkumning jazoni ijro etish muassasasida o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalariga rioya etishi, mahkumga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilganligi, unga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilmaganligi.
Mahkumni tuzalish yo‘liga o‘tgan yoki o‘tmagan deb topish to‘g‘risidagi xulosa komissiya tomonidan rasmiylashtiriladi va mahkumning shaxsiy yig‘majildiga qo‘shib qo‘yiladi.
Komissiya tomonidan tuzalish yo‘liga o‘tmagan deb topilgan mahkumlar bilan tarbiyaviy-profilaktika ishlari muassasa psixologini jalb etgan holda alohida reja asosida amalga oshiriladi.
Tuzalish yo‘liga o‘tmagan deb topilgan mahkum komissiyaning xulosasi ustidan ushbu Kodeksning 107-moddasida belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli”
Ushbu qonun normalari “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlarning bir qismi hisoblanadi, desak mubolag`a bo`lmaydi!
Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi
Shomurod Begmatov