Joriy yilning 22-fevral kuni Zomin tumani hokimi birinchi o‘rinbosari Z.Omonqulov, Yoshlar ishlari Agentligi Zomin tuman bo‘limi rahbari B.Shukurov, Jizzax viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari E.Mahammadiyev, Zomin tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i V.Omanov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudi raisi Sh.Shamshiev, Fuqarolik ishlari boʻyicha Zarbdor tumanlararo sudi raisi J.Esonov hamda Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sh.Begmatovlar bilan hamkorlikda Yoshlar ishlari Agentligining Zomin tumani ma'muriy binosida «Inson huquqlari – oliy qadriyat» mavzusida yoshlar bilan targ‘ibot uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbirda inson huquqlari va erkinliklari demokratik jamiyatlarda eng oliy qadriyat hisoblanishi, binobarin davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yilga “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim” yili deb nom berilishi ham bejiz emasligi, Prezident Shavkat Mirziyoev BMT inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida tashkilotning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonnning huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlashni ko‘zda tutadigan “hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshirilishini ham alohida ta'kidlab o‘tganligi ta'kidlandi.
Shuningdek, so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham fuqarolarning huquq va erkinliklari mustahkamlanganligini, “Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta'minlaydi.”-deb X bob, 43-moddasida belgilanganligini, 1948-yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” qabul qilingan bo‘lib, 1991-yil 30-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining navbatdan tashqari VII sessiyasi ushbu deklaratsiyani ratifikatsiya qilganligini, ushbu deklaratsiyada umumjahon tan olingan inson huquqlari va erkinliklari mustahkamlanganligini aytib o‘tishdi.
Jumladan, Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sh.Begmatov so‘zga chiqib, inson huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish hamda himoya qilishni odil sudsiz tasavvur qilish qiyinligini ta'kidlab o‘tdi. Zero, O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni 4-moddasida ham sudning asosiy vazifalari fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlari, xalqaro shartnomalarida, shuningdek inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarda kafolatlangan huquqlari hamda erkinliklarini, davlat va jamoat manfaatlarini, yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishdan iboratligi qayd etilgan.
Shundan so‘ng mutasaddilar yoshlar bilan muloqot o‘tkazib, yoshlarning inson huquqlariga oid tushunmagan savollariga javob berdilar, ularning taklif-mulohazalari tinglandi. Bundan tashqari, inson huquqlari buzilishi holatlariga duch kelganlarida, zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari darkorligi aytib o‘tildi.
Uchrashuv savol-javob hamda mushohadaga boy tarzda o‘tdi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Zomin tuman sudi raisi Sh.Shamshiyev
Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sh.Begmatov
Fuqarolik ishlari bo`yicha Zarbdor tumanlararo sudi raisi J.Esanov