Navro‘z – necha asrlardan buyon xalqimiz ulkan shodiyonalar bilan nishonlaydigan, eng qadimiy, milliy urf-odatlarimiz, an’analarimiz va qadriyatlarimiz yaqqol namoyon bo‘ladigan qutlug‘ bayramdir. Sharq taqvimi bo‘yicha Yangi yil sanalmish bu kunning mazmuni, tarovati, fayzi o‘zgacha.
Bizning hududimizda haqiqiy ko‘klam Navro‘zdan boshlanadi. Tabiat uyg‘onib, chor-atrofning jonlanib, yashillikka burkanishi odamlar ko‘ngliga ko‘chadi. Ota-bobolarimizning “Navro‘zdan so‘ng, qish bo‘lmas” deganlari ham shundan.
Yurtdoshlarimiz joriy yilgi Navro‘z bayramini ham shod-u xurramlikda, ulkan tadoriklar bilan boshladi.
Zomin tumani Birlik mahallasida ham “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!
” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari hududdagi 51-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlari bilan hamkorlikda tashkillashtirgan ushbu tadbirga o‘qituvchilar, o‘quvchilardan tashqari, yoshi ulug‘ nuroniy otaxonlar, onaxonlar, elga xizmat qilib obro‘-e’tibor qozongan mehnat fidoyilari, intiluvchan va iqtidorli yoshlar ishtirok etdilar. Mehmonlar bahoriy taomlar, ko‘k somsa, sumalak, go‘ja, palovlar bilan siylandi va ko‘ngilochar tomoshalar namoyish qilindi. 51-sonli maktab o’quvchilari ijro etgan teatrlashtirilgan bayram tomoshalari bahorni, Navro‘zni sog‘ingan yurtdoshlarimizga cheksiz zavq-shavq bag‘ishladi.
Buningdek azaliy qadriyatlarimizning o‘z ifodasini topayotgani – Navro‘z shukuhi, quvonchi barcha yurtdoshlarimizning ham ko‘ngliga yetib borishiga xizmat qiladi.