Yaqinda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda she’rlar va maqolalardan iborat “Zomin ilhomlari” to‘plami nashr etilgani bunga yaqqol misoldir. Bu to‘plam 2020 yilda chop etilgan “Kengliklar sururi” to‘plamining mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur xayrli ish yurtimiz adabiy jamoatchiligi tomonidan yuksak baholangan edi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Zomin tumanida “NKMK” sanatoriysi barpo etilishi mana shunday xayrli ishlarni amalga oshirishga katta turtki berdi. Ayni paytda bu maskanda konchilar bilan bir qatorda yozuvchi va shoirlarimiz ham dam olayotgani, ijod ahlining kombinat ishchi-xodimlari bilan ijodiy muloqotlari, turli madaniy tadbirlar, she’riyat kechalari ularga haqiqiy ijod manbai bo‘lib ham xizmat qilyapti. Mazkur to‘plam ham qizg‘in mushoiralarda bildirilgan takliflar asosida tayyorlandi.
“Zomin ilhomlari” to‘plamidan xalqimizning sevimli shoirlari Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdieva, Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo, Sa’dulla Hakim, G‘ayrat Majid, Farmon Toshev, Isajon Sulton, Xosiyat Rustamovalar bilan bir qatorda 60 nafarga yaqin Toshkent shahri va viloyatlarda ijod qilayotgan taniqli yozuvchi-shoirlar, 50 nafardan ortiq “NKMK” AJ, “Navoiyuran” davlat korxonasi va “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasida mehnat qilayotgan turli kasb egalari, 30 nafardan ziyod viloyat ijodkorlari, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti o‘qituvchi-talabalarining eng sara ijod namunalari joy olgan.
Quvonarli jihati, to‘plamga kiritilgan she’r va maqolalarning aksariyati ijodkorlarimiz tomonidan betakror tabiat qo‘ynida dam olish davrida yaratilgan.
— Bolaligimdan ijodga qiziqaman. Bo‘sh vaqtlarimda qog‘oz qoralab, she’rlar yozib turaman. Kombinat tomonidan nashrga tayyorlanayotgan kitobga o‘z ijod namunalarimni taqdim etdim. She’rlarim ma’qul bo‘lib, to‘plamga kiritilganini eshitib, juda xursand bo‘ldim. She’rlarim ilk bora to‘plam shaklda chiqdi. Bu, albatta, menga quvonch va ilhom bag‘ishladi, – deydi “Dovg‘istov” koni BelAZ haydovchisi Botir Nurillaev.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, kombinat nafaqat yuqoridagi xayrli ishlarni amalga oshirish, balki mashhur adiblarning noyob asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, nashr etishda ham faollik ko‘rsatyapti. “Zomin ilhomlari” to‘plami bilan bir vaqtda nashr etilgan Georgiy Agrikolaning “Konchilik ishi va metallurgiya haqida o‘n ikki kitob” asari fikrimiz isbotidir. Bunday kitoblar chop etilishi, hech shubhasiz, kitob javonini nodir va sara asarlar bilan boyitishga, kombinat ishchi-xodimlarini ishdan bo‘sh vaqtlarda ijod qilishga, rang-barang mavzularda yangi namunalar yaratishga, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.