Xalq bilan doimiy muloqot, odamlarni qiynab kelayotgan dolzarb muammolarini hal qilish, ularning ehtiyoj va talablarini qondirish, yurtdoshlarimiz turmush farovonligini ta'minlashning asosiy mezonidir.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva kecha Jizzax viloyatida bo'lib, aholi, xususan xotin-qizlar va yoshlar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish bo'yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Jumladan, Zomin tumani Peshag'or MFYda beshlik, hokim yordamchisi, MFY raisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektorining faoliyati yuzasidan berilgan axborotni yuqori baholadi.
Hokim yordamchisi Bobur Umurzoqov tomonidan mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni xonadonbay o'rganish, jumladan, aholining bandlik darajasini, oilalarning daromad manbalarini, tomorqa yerlaridan foydalanish holatini hamda daromadli mehnatga bo'lgan intilishi, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirishning ichki imkoniyatlari, tadbirkorlik bo'yicha ixtisoslashuv va mehnat resurslarini inobatga olgan holda, uni rivojlantirishga turtki beradigan omillar va yo'nalishlar belgilab olingani va bu borada erishilgan natijalar bo'yicha Senat raisiga so'zlab berdi.
Shundan so'ng, doimiy daromad manbaiga ega bo'lmagan va ishsiz aholining, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning qiziqishlarini o'rganish orqali ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o'rgatuvchi o'quv markazlarida o'qigan xotin – qizlar amalga oshirayotgan ishlar ko'rgazmasi bilan tanishildi.
Hozirda hududda choponchilik, gulchilik borasida ayollar bandligi ta'minlanganligi mehmonda qiziqish uyg'otdi. Bu xotin-qizlar bandligini ta'minlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etilib, kelgusida ushbu yo'nalishni yanada rivojlantirish bo'yicha tavsiyalar berildi.