Sud, manfaatdor shaxslarning, prokurorning; davlat organlari va boshqa shaxslar yuridik shaxslar va fuqarolarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish maqsadida qonun bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan hollarda, shu davlat organlarining va boshqa shaxslarning arizalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atadi.
Ariza (shikoyat) sudga yozma shaklda beriladi. U arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi, arizada (shikoyatda) ariza (shikoyat) berilayotgan sudning nomi; ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi, arz qilingan talablarga asos bo‘lgan holatlar (agar ular mavjud bo‘lsa), arz qilingan talablarning asoslarini tasdiqlovchi dalillar, arizachining qonunchilikka asoslab keltirgan talablari, talab bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilganda esa ularning har biriga nisbatan talablar, ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati ko‘rsatilishi kerak:
Arizada (shikoyatda) arizachining yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili ko‘rsatilishi mumkin.
Arizachi ariza (shikoyat) berayotganda javobgarga va uchinchi shaxslarga arizaning (shikoyatning) va unga ilova qilingan, ularda bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini yuborishi shart.
Arizaga (shikoyatga) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji to‘langanligini, agar bu ushbu toifadagi ishlar uchun qonunda nazarda tutilgan bo‘lsa; belgilangan tartibda va miqdorda pochta xarajatlari to‘langanligini, arizaning (shikoyatning) va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari javobgarga hamda uchinchi shaxslarga yuborilganligini, arz qilingan talablarga asos bo‘lgan holatlarni, arizani (shikoyatni) imzolash vakolatini, agar u vakil tomonidan imzolangan bo‘lsa tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi:
Agar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Sud Ishlarini Yuritish to‘g‘risidagi Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, sudya arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi, qabul qilishni rad etish yoxud qaytarish haqidagi masalani ariza (shikoyat) sudga kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay yakka tartibda hal qiladi.
Arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilish, qabul qilishni rad etish yoki qaytarish to‘g‘risida ajrim chiqariladi, uning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga u chiqarilgandan keyingi kundan kechiktirmasdan yuboriladi.
Sudya arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilishni agar ish ma’muriy sudga taalluqli bo‘lmasa, ma’muriy sudning ayni bir shaxslar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan qabul qilingan, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki ish yuritishni tugatish haqidagi ajrimi mavjud bo‘lsa; sudning ish yuritishida ayni bir shaxslar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan ish mavjud bo‘lsa rad etadi, agar:
Ajrim bekor qilingan taqdirda, ariza (shikoyat) sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan deb hisoblanadi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxs ariza (shikoyat) yuzasidan arz qilingan talabga qarshi e’tirozlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan yozma fikrini ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yozma fikrning hamda ularda mavjud bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi dalillarni ish ko‘riladigan kungacha yetib borishini ta’minlaydigan muddatda sudga yuborishga haqli.
Arizachi ishni birinchi instansiya sudida ko‘rish chog‘ida ishning mazmunan ko‘rilishi yakuni bo‘yicha chiqariladigan sud hujjati qabul qilinguniga qadar ariza (shikoyat)ning asosini yoki predmetini o‘zgartirishga haqli.
Agar O‘zbeikiton Respublikasi Sud Ishlarini Yuritish to‘g‘risidagi Kodeksda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sud muhokamasi ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan oshmagan muddatda tugallanishi kerak.
Alohida hollarda, sud muhokamasining muddati sud raisi tomonidan bir oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Saylov komissiyasining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyat sud tomonidan shikoyat berilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay ko‘rib chiqilishi, agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa, darhol ko‘rib chiqilishi lozim.
Shikoyat sud tomonidan arizachini va tegishli saylov komissiyasining vakilini, shuningdek, prokurorni, agar shikoyat arizachiga emas, balki boshqa fuqaroga daxldor bo‘lsa, o‘sha shaxsni ham chaqirgan holda ko‘rib chiqiladi. Bu shaxslarning kelmasligi ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.
Sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilanoq darhol tegishli saylov komissiyasiga va arizachiga topshiriladi.
Sudyalar majlis zaliga kirib kelganida va undan chiqib ketayotganida zalda hozir bo‘lganlarning barchasi o‘rinlaridan turadi.
Sud protsessi ishtirokchilari sudga «Hurmatli sud!» degan so‘zlar bilan murojaat qiladi. Ular sudga o‘z tushuntirishlari va ko‘rsatuvlarini, savollarga javoblarini tik turib beradi. Bu qoidadan chetga chiqishga faqat raislik qiluvchining ruxsati bilan yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Sud majlisi sudning normal ishlashini va sud protsessi ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlaydigan sharoitlarda o‘tkaziladi. Sud majlisi zalida hozir bo‘lgan hamda sudning ruxsati bilan sud majlisining fototasvirini, videoyozuvini, radio va televidenie orqali translyatsiyasini amalga oshirayotgan shaxslarning harakatlari sud majlisidagi tartibga xalaqit bermasligi kerak. Bu harakatlar sud tomonidan vaqt bo‘yicha cheklanishi mumkin.
Majlis vaqtida tartib buzilgan taqdirda, raislik qiluvchi tartibni buzgan shaxsni sud nomidan ogohlantiradi. Tartib takroran buzilgan taqdirda, mazkur shaxs raislik qiluvchining farmoyishi bilan sud majlisi zalidan chiqarib yuborilishi mumkin.
Sudning hal qiluv qarorini majlis zalida hozir bo‘lganlarning barchasi tik turib eshitadi.
Sud quyidagi hollarda sud muhokamasini keyinga qoldirishga haqli:
-agar sud majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan ishda ishtirok etuvchi shaxs sud majlisiga kela olmasligi sabablarini asoslagan holda sud muhokamasini keyinga qoldirish to‘g‘risida iltimosnoma bilan murojaat qilgan bo‘lsa va basharti ushbu shaxsning ishtirokisiz ishni ko‘rish mumkin bo‘lmasa;
-ishda ishtirok etuvchi shaxsning o‘z vakili sud majlisiga uzrli sababga ko‘ra kela olmaganligi munosabati bilan qilgan iltimosnomasi bo‘yicha;
-sud protsessi ishtirokchilaridan birortasi, agar sud ishni uning ishtirokisiz ko‘rish mumkin emas deb hisoblasa, kelmagan taqdirda;
-tarafning qo‘shimcha dalillar taqdim etish zarurati bilan bog‘liq holda sud muhokamasini keyinga qoldirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi bo‘yicha;
-sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilayotganda videokonferensaloqa o‘rnatish imkoni bo‘lmagan taqdirda.
-Sud sudning majlisida ishni ko‘rish mumkin bo‘lmagan boshqa hollarda ham sud muhokamasini keyinga qoldirishga haqli.
Sud muhokamasi uni keyinga qoldirishga asos bo‘lib xizmat qilgan holatlarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan muddatga, ushbu Kodeksda sud muhokamasi uchun belgilangan muddat doirasida keyinga qoldirilishi mumkin.
Sud muhokamasini keyinga qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
Sud ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga yoki o‘z tashabbusiga ko‘ra sud majlisida tanaffus e’lon qilishi mumkin.
Sud ishni mazmunan ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha hal qiluv qarorini qabul qiladi.
Sud hal qiluv qarorini O‘zbekiston Respublikasi nomidan qabul qiladi.
Sudning hal qiluv qarori sud muhokamasi tugaganidan keyin qabul qilinadi.
Sudning hal qiluv qarori qonuniy va asoslantirilgan bo‘lishi kerak. U sud majlisida tekshirilgan dalillargagina asoslangan bo‘lishi mumkin.
Sudning hal qiluv qarori sud raislik qiluvchi tomonidan muhokamasi tugallangan sud majlisining o‘zida o‘qib eshittiriladi.
Sud muhokamasi tugallangan sud majlisida qabul qilingan hal qiluv qarorining faqat xulosa qismi o‘qib eshittiriladi.
Hal qiluv qarorining o‘qib eshittiriladigan xulosa qismi hal qiluv qarorini qabul qilishda ishtirok etgan barcha sudyalar tomonidan imzolanishi va ishga qo‘shib qo‘yilishi kerak.
Hal qiluv qarorini to‘liq hajmda tuzish va imzolash besh kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga kechiktirilishi mumkin.
Sud majlisida raislik qiluvchi hal qiluv qarori o‘qib eshittirilganidan keyin ishda ishtirok etuvchi shaxslar asoslantirilgan hal qiluv qarori bilan qachon tanishishlari mumkinligi, uni ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborish tartibini, shuningdek hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) tartibini tushuntirib beradi.
Sud hal qiluv qarorining ko‘chirma nusxalarini topshirilganligi ma’lum qilinadigan buyurtma xat orqali ishda ishtirok etuvchi shaxslarga hal qiluv qarori e’lon qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida yuboradi yoki tilxat olib topshiradi, ushbu shaxslarning elektron pochta manzillari mavjud bo‘lgan taqdirda esa hal qiluv qarori elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Sud Ishlarini Yuritish to‘g‘risidagi Kodeksda nazarda tutilgan hollarda va tartibda sud hal qiluv qarorining ko‘chirma nusxalarini boshqa shaxslarga ham yuboradi.
Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud agar ishda ishtirok etuvchi shaxslar dalillar taqdim etgan biror-bir talab bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilinmagan bo‘lsa, sud huquq to‘g‘risidagi masalani hal qilib, javobgar amalga oshirishi shart bo‘lgan harakatlarni ko‘rsatmagan bo‘lsa, sud xarajatlari to‘g‘risidagi masala hal etilmagan bo‘lsa qo‘shimcha hal qiluv qarorini qabul qiladi,
Qo‘shimcha hal qiluv qarorini qabul qilish to‘g‘risidagi masala hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar qo‘yilishi, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga yoki sudning tashabbusiga ko‘ra qabul qilinishi mumkin. Qo‘shimcha hal qiluv qarori asosiy hal qiluv qarori bilan birga qonuniy kuchga kiradi va qo‘shimcha hal qiluv qarori ustidan asosiy hal qiluv qarori bilan birga shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Qo‘shimcha hal qiluv qarorini qabul qilish rad etilgan taqdirda, ajrim chiqariladi.
Hal qiluv qarori noaniq bo‘lgan taqdirda, ishni hal qilgan sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga, shuningdek sud hal qiluv qarorining ijrosi o‘z zimmasiga yuklatilgan organlar va davlat ijrochisining arizasiga ko‘ra hal qiluv qarorini uning mazmunini o‘zgartirmagan holda tushuntirishga haqli.
Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud yozuvda yo‘l qo‘yilgan xatolarni va arifmetik xatolarni hal qiluv qarorining mazmunini o‘zgartirmagan holda, ishda ishtirok etuvchi shaxsning, davlat ijrochisining, sud hal qiluv qarorining ijrosi zimmasiga yuklatilgan boshqa organlarning arizasiga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bo‘yicha tuzatishga haqli.
Hal qiluv qarori, agar uning ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilinmagan (protest keltirilmagan) bo‘lsa, u qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach, qonuniy kuchga kiradi. Apellyatsiya shikoyati (protesti) berilgan taqdirda hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmagan bo‘lsa, apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi.
Ishni ko‘rish chog‘ida davlat organining yoki boshqa organning, yuridik shaxsning, mansabdor shaxsning yoki fuqaroning faoliyatida qonunchilik hujjatlarining buzilganligi aniqlangan taqdirda, ularning ishda ishtirokidan qat’i nazar, sud xususiy ajrim chiqarishga haqli.
Xususiy ajrim bilan sud tegishli organdan yoki mansabdor shaxsdan qonunchilik hujjatlarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi masalani o‘zlarining vakolatiga muvofiq ko‘rib chiqishni talab qilishi mumkin.
Xususiy ajrim tegishli davlat organlariga va boshqa organlarga, yuridik shaxslarga, mansabdor shaxslarga yuboriladi, ular ko‘rilgan choralar to‘g‘risida bir oylik muddatda sudga xabar qilishi shart.
Jizzax vilyat ma’muriy sudi sudyasi
A.Sayfitdinov