Milliy sport turimiz bo‘lgan belbog‘li kurash yildan-yilga dunyo bo‘ylab ommalashib bormoqda. An’anaviy o‘tkazilayotgan jahon chempionatlari, xalqaro turnirlar belbog‘li kurash tobora rivojlanishiga xizmat qilayotgani bor gap.
Yana bir yaxshi yangilik.
Joriy yilning 20-25 may kunlari Jizzax shahrida ilk bor kattalar o‘rtasida belbog‘li kurash bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.
Birlashgan kurashlar olami (UWW), Osiyo belbog‘li kurash konfederatsiyasi, O‘zbekiston Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi, Jizzax viloyati prokuraturasi, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilayotgan ushbu Osiyo chempionatida O‘zbekiston, Hindiston, Eron, Indoneziya, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi 20 ga yaqin davlatlarning nomdor polvonlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Birlashgan kurashlar olami (UWW) tasnifiga kiruvchi belbog‘li kurash bo‘yicha o‘tkazildigan Osiyo chempionatida erkaklar -57,-62,-68,-75,-82,-90,-100 hamda +100 kilogramm vazn toifalarida kuch sinashadi. Ayollar -52,-58,-66,-76,+79 kilogramm vaznlarda bellashishadi. Shuningdek, musobaqa doirasida reglamentga muvofiq, Birlashgan kurashlar olami (UWW) tarkibidagi Qozog‘istonning "Qazaq kuresi" va Qirg‘izistonning "Alish" kurash sport turlari bo‘yicha ham Osiyo chempionati o‘tkaziladi.
Ayni paytda Jizzax viloyatida Osiyo chempionatini munosib tarzda o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.