Korrupsiya illati bugun paydo bo‘lgan illat emas, balki insoniyat azaldan bu illat bilan kurashib kelmoqda. Korrupsiya va poraxo‘rlik jamiyat va davlat rivojiga qo‘yilgan to‘siqdir, uning avj olishi esa davlat boshqaruvini organlari faoliyatini izdan chiqarib, uning tanazzulga yuz tutishiga sabab bo‘ladi. Korrupsiya illati jamiyat va davlat hayotining barcha sohalariga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi, ular faoliyatini rivojlanishdan to‘sib, xalqning davlatga, uning boshqaruv va mahalliy hokimiyat organlariga bo‘lgan ishonchini so‘ndirib, davlat va jamiyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yo‘qolishiga olib keladi.
Qorrupsiyaga faqat ma’nan qashshoq, moddiy manfaatlarni xalq manfaatidan ustun qo‘yuvchi manfur kimsalargina qo‘l uradilar. Korrupsiya va poraxo‘rlikka qo‘l urish bu ma’nan qashshoqlikning belgisi hisoblanadi. Korrupsiya va poraxo‘rlik jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni chuqurlashtirib, uning iqtisodiy negizlarini yemiradi.
Insoniyat asrlar davomida bu illat bilan kurashib keldi va bu kurash hozirgi kunda ham davom etib kelmoqda. Korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurashda ushbu jinoyat va huquqbuzarliklar uchun jazo choralarini kuchaytirishning o‘zigina yetarli emas. Bunda jamiyatda huquqiy bilimni yuksaltirish, fuqarolarni korrupsiyaning salbiy oqibatlaridan boxabar etish, yosh avlodni ma’nan yuksak tafakkurli shaxs sifatida tarbiyalash orqali bu illatning keng quloch yozishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiya qarshi kurashish borasida ulkan ishlar amalga oshirilib, bu boradagi qonunchilik isloh qilindi. Jumladan 2017 yil 3 yanvarda “Korrupsiya qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari yaratildi. Shuningdek jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilib, uning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida korrupsiya qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari yaratildi.
Sh.Shamshimev
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Zomin tuman sudining raisi