Oradan chorak asr o‘tib, bugun yana Zomin tumanidagi betakror go‘zallikka ega so‘lim O‘riklisoy dam olish majmuasiga O‘zbekistonning barcha hududlaridan eng iqtidorli yosh ijodkorlar jam bo‘ldi.
Ushbu ilhombaxsh go‘shada yosh ijodkorlar va ular bilan yuzma yuz uchrashib, saboq berishga kelgan ustozlarni viloyat va Zomin tumani jamoatchiligi, adabiyot ixlosmandlari katta mamnuniyat hamda samimiy mehmondo‘stlik bilan tantanali kutib oldi.
O‘riklisoy dam olish majmuasida an’anaviy Zomin seminarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Jizzax viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Savurboev, Prezident Adminstratsiyasi mas’ul xodimi, yozuvchi, dramaturg G‘ofur Shermuhammad, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Said, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, senator Mahmud Toir va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar barcha sohalar singari adabiyotda ham o‘zining yorqin samaralarini berayotgani, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da davlatimiz rahbarining yoshlarga alohida e’tibor qaratayotgani, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, iqtidor va qobiliyatlarini rivojlantirish doimo e’tibordaligini ta’kidladi.
– O‘zbekiston Shvesariyasi nomini olgan, lekin Shvesariyadanda go‘zal va so‘lim O‘riklisoyda 25 yil muqaddam boshlangan ushbu seminar Yangi O‘zbekiston yoshlari bilan yangicha ruhda o‘tkazilmoqda. Ishonchim komilki, bu galgi seminar ham yana yangi nomlarni, yangi iste’dod egalarini kashf etadi va bunga hech qanday shubha yo‘q.
O‘tgan chorak asr davomida Zomin semiinarida kashf etilgan yosh iqtidorlar bugun O‘zbekistonning mashhur shoir, yozuvchi, dramaturg va umuman barcha badiiy ijod ahli bo‘lib elimizga tanilganini bugun vaqtning o‘zi ko‘rsatib turibdi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Said. – Bu yurt, bu Vatan iqtidorli ijodkorlarga juda boy. Ularning iqtidorini namoyon etishi uchun esa barcha imkoniyatlarni yaratib berayotgan Yurtboshimiz oldida hamisha ta’zimdamiz. Samimiy mehmondo‘stlik ko‘rsatayotgan viloyat, tuman hokimliklariga, Zomin, umuman Jizzax ahliga chin dildan tashakkur aytamiz.
Tantanali ochilish marosimidan so‘ng, jannatmakon O‘zbekistonimizning turli shahar va qishloqlaridan kelgan yosh va iqtidorli shoir, yozuvchi, dramaturg, bolalar adabiyoti, badiiy publitsistikada ijod qiluvchi yigit-qizlar sho‘balarlarga bo‘linib, katta tajribaga ega ustoz ijodkorlar ko‘magida o‘z ijodiy ishlarini yanada sayqallashtirib, bilim va mahoratini boyitishlari, yutuq va kamchiliklarini o‘rtoqlashishlari uchun ijodiy zamin yaratildi.
– Ushbu o‘ziga xos 25 yillik tarixga ega an’anaviy respublika yosh ijodkorlarining Zomin semnarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan shoir, yozuvchi, dramaturg, bolalar adabiyoti, badiiy publitsistikada ijod qiluvchi jami 160 ga ijodkorlar ishtirok etmoqda. Shundan 90 nafari iqtidorli yoshlardir, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari Mehribon Abdurahmonova. – Uch kun davom etadigan seminar doirasida respublikamizning taniqli ijodkorlari ishtirokida davra suhbatlari, mushoiralar, adabiy janrlar bo‘yicha sho‘balarda mashg‘ulotlar, mahorat darslari, tabiat qo‘yniga sayohatlar va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.
Respublika ijodkor yoshlarining anjumani mashg‘ulotlari so‘lim Zomin go‘shasida qizg‘in davom etmoqda.
Tadbirda Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniev ishtirok etdi.