"Mahalla budjeti" tizimining joriy etilishi mahallaning o‘zidayoq ko‘plab muammolarni hal qilishga imkon bermoqda. Bunda obodonlashtirish,moddiy yordam, aholini ijtimoiy qo‘llab quvvatlash masalariga mablag‘lar endi mahalla ixtiyoriga o‘tadi.
Ko‘pchilik yaxshi biladi har qanday davlatning iqtisodiy qudrati uning budjeti hisoblanadi. Budjetning asosiy qismini esa soliqlar tashkil etadi.
Joriy yildan boshlab mamlakatimizda “Mahalla budjeti” tizimi huquqiy eksperiment tariqasida joriy etildi.
“Mahalla budjeti” tizimini joriy etish orqali mahallalarning moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hujjatga muvofiq har bitta hududdan 1 tadan tuman(shahar) tanlab olingan edi. Shu jumlada, ushbu hujjatga muvofiq viloyatimizning Zomin tumanida huquqiy eksperiment o‘tkazilmoqda.
Ayni paytda Zomin tuman soliq inspeksiyasi tomonidan mazkur tizim doirasida mahallalarda jismoniy shaxslar mol-mulk solig‘i va yer soliqlarini undirish, aholining soliq to‘lash savodxonligini oshirish borasida ishlar olib borilmoqda.
Zomin tumanidagi “Shirin” QFY hududida 9 ta qishloq mavjud. Hududda 10 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Joriy yilda undirilgan soliq yig‘imlari tufayli hamda respublika budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan Mo‘g‘ol qishlog‘ida asfalt qilinmagan ko‘cha qolmadi hisob.
Ayni paytga qadar Shirin QFYda mahalla binosi mavjud bo‘lmagan. Qariyb 800 mln so‘m evaziga QFYda faoliyat yuritayotgan beshlik rais, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektori fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish uchun yangi bino qurilib, yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi. Hozir binoni jihozlash choralari ko‘rilmoqda.
Mahallalarda mol-mulk va yer solig‘i (noturar joylar bo‘yicha mol-mulk va yer solig‘i bundan mustasno) bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasigacha tuman budjetlari orqali tegishli Jamg‘armalarga yo‘naltiriladi.
Ayni paytda Zomin tumanidagi mavjud 39 ta MFYlarida istiqomat qiluvchi 28 mingdan ortiq jismoniy shaxslarning 44 mlrd 300 mln so‘m mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan qarzdorliklari mavjud. Hozirda to‘langan mablag‘lar va soliq qarzdorliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar MFY mas’ullariga real vaqt rejimida ko‘rib turish va undan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlar bugungi kunda o‘zimiz yashayotgan hududning infratuzilmasini yaxshilash, muhtoj insonlarga moddiy yordam ko‘rsatish, yo‘llarimizning ravon bo‘lishi, ichimlik suvi va elektr ta’minotini yaxshilashga asos bo‘ladi. Shunday ekan har birimiz soliqlarni to‘lashga ongli munosabatda bo‘lib, qishloq va shaharlarimiz rivojlanishiga o‘z hissamizni qo‘shaylik.
Hozirda O‘zbekiston respublikasi iqtisoliyot va moliya vazirligi huzuridagi soliq qo‘mitasi tomonidan “Soliq” mobil ilovasi ishlab chiqilgan. Ilovadan ro‘yxatdan o‘tib, o‘zingizning va ota-onangizning mol-mulk va yer soliqlarini to‘lash imkoniyatiga egasiz.
Shunday ekan soliqlarni to‘lab, xotirjam bo‘ling!