Bir necha bor Respublika chempioni, O‘zbekiston kubogi g‘olibi, xotin-qizlar o‘rtasida ilk Osiyo chempioni, Zominning asl farzandi Odiljon qizi Go‘zal ISMATULLAEVA haqida eshitmagan, bilmagan, muxlislik qilmagan yurtdoshimiz bo‘lmasa kerak.
Bevaqt o‘lim yosh va iqtidorli, kelajagi porloq charm qo‘lqop ustasini oramizdan olib ketdi. Ammo uning yorqin xotirasi hamisha sport ixlosmandlari qalbida.
Go‘zal Ismatova xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ilk Xalqaro turnir tashkilotchilar taklifi bilan Zominda o‘tkazildi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va yurtimizdagi atoqli boks maktablaridan 350 nafardan ziyod yosh bokschilar bir nechta vazn toifasida kuch sinashdilar.
3 kun davom etgan Xalqaro turnir ishqibozlarga keskin va shiddatli, shu bilan birga sog‘lom raqobat asosidagi janglarni taqdim etdi.
Yakunda o‘z vazn toifasida g‘olib va sovrindor deb topilgan iqtidor egalari Zomin tumani hokimligi, Zomin Bolalar va o‘smirlar sport maktabi, Yoshlar agentligi tuman Kengashi va hamkor tashkilotlarning esdalik sovg‘alari, pul mukofotlari va diplom bilan taqdirlandilar.
Xotira turniri yakunida mazkur turnirni har yili an’anaviy tarzda o‘tkazish taklifi yakdillik bilan qabul qilindi.
-Shu o‘rinda turnirni tashkillashtirishda ko‘mak bergan barcha insonlarga, tuman hokimligiga o‘z tashakkurlarimizni bildirib qolamiz, -deydi Zomin BO‘SM direktori o‘rinbosari Sobirjon Sheranov. -O‘ylaymizki, marxum sportchimizning ruhi shod bo‘ldi, turnir yana ko‘plab iqtidorlarni kashf etdi.
Ra’no Abduqodirova
"Sharq tongi"ning maxsus muxbiri