Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-barabar muhofaza etilishini kafolatlaydi.
Xozirgi kunda yalpi ichki mahsulot tarkibida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi ko‘paygani hamda mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda uning roli sezilarli darajada oshgani namoyon bo‘ldi.
O‘zbekistonda bozor islohotlarini va iqtisodiyotni liberallashtirishni yanada chuqurlashtirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanib, uni hayotga tatbiq etish mexanizmlari aniq va ravshan ko‘rsatib berilganining natijasidir. Bugungi kundagi va istiqboldagi asosiy maqsadimiz kichik biznes sub’ektlari va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish, mazkur sohaning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi, shu jumladan, tashqi savdosidagi ulushini ko‘paytirishdir. Bu esa, o‘z navbatida, yurtimizda tadbirkorlar uchun yaratib berilgan huquqiy imkoniyat va imtiyozlar, qulay investitsiyaviy muhitni yanada takomillashtirishni talab etadi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash kerakki, iqtisodiyotning rivojlanishida tashqi iqtisodiy faoliyat muhim ahamiyat kasb etadi.
Zomin tumanida 2023 yil 1 iyul xolatiga ro‘yxatga olingan kichik biznes sub’ektlari soni 2199 tani tashkil etib, shundan 1483 tasi o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib o‘z bizneslarini yuritmoqda. Jami tadbirkorlik sub’ektlarining 44,1 % savdo va umumiy ovqatlanishni, 17,7 % qishloq xo‘jaligini, 16,5 % sanoat korxonalarini, 6,8 % qurilishi korxonalarini tashkil etmoqda. 2023 yil yanvar-iyun oylarida tumanimizda 245 ta yangi tadbirkorlik sub’ekt tashkil etilgan.
Xozirgi kunga kelib statistika idoralari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari uchun soxaga oid bir qancha shart-sharoitlar yaratilib berilmoqda. Jumladan barcha turdagi xo‘jalik yurimtuvchi sub’ektlar uchun eStat4.0 statistik hisobotlarni taqdim etishning onlayn tizimi joriy etilgan. Ushbu tizim orqali statistika idoralariga tashrif buyurmasdan onlayn tarzda taqdim etish imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari “Statistika idoralari tomonidan xalqaro tavsiyalarga muvofiq hamda respondentlarga hisobot taqdim etish yuklamasini bosqichma-bosqich qisqartirib borish maqsadida doimiy ravishda statistika kuzatuvi shakllari takomillashtirib borilmoqda. Xususan, 2017 yilda statistika hisoboti shakllari 115 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yil uchun 98 ta hisobot shakllari mavjud. Ya’ni hisobot turlarining qisqarishi qariyb 15 foizni tashkil etgan. O‘z navbatida, tanlanma kuzatuvi shakllari soni 30 foizga oshgan.
Shuningdek, 62 ta statistika hisoboti va ilovalaridagi ko‘rsatkichlar soni 2022 yilga nisbatan jami 3 174 taga yoki 17,7 foizga qisqartirish orqali soddalashtirilgan, 47 ta hisobot shakllarining topshirish muddatlari maqbullashtirilgan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida, 2022 yilga nisbatan statistika hisobotlari jami soni 10,9 foizga, shu jumladan, oylik hisobotlar 14,3 foizga, mavsumiy hisobotlar 33,3 foizga va yillik hisobotlar 12,2 foizga qisqartirilgan.
Ctatistika agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish borasida statistika ma’lumotlarining sifati, ishonchliligi, shaffofligi va oshkoraligini ta’minlash choralarini ko‘rib borish, faoliyatga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, axborot tizimlari bilan o‘zaro integratsiyani amalga oshirish va alternativ axborot manbalaridan foydalanish orqali respondentlarga hisobot yukini kamaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olingan.
Zomin tuman statistika bo‘limi