MUSTAQILLIGIMIZNING 32 YILLIGI MUBORAK, AZIZ YURTDOSHLAR!
Aziz hamyurtlar!
Qadrli otaxon va onaxonlar!
Bugun ona Vatanimiz bayramlar og’ushida. Butun O’zbekiston xalqi shodu-xurram, diyorimizdagi kattayu-kichikning orzu-umidlari, quvonchu shodliklari bir olam.
Shu fursatdan foydalanib men ham barchangizni eng ulug’, eng aziz bayram – O’zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 32 yillik bayrami bilan qizg’in va samimiy muborakbod etaman!
Ilohim butun yurtimizga, yurtdoshlarimizga, Yangi O’zbekistonga quvonch hamda shodliklar, iftixor va g’urur, tuganmas fayzu-barokatlar olib kelgan istiqlolimiz bayrami sururi qalblarimizni hech qachon tark etmasin!
Qadrli vatandoshlar!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Xalqimiz ushbu ulug’ bayramga bir dunyo orzular bilan – “Yangi hayot uchun, Yangi O’zbekiston uchun!” degan ezgu niyat bilan peshvoz chiqmoqda.
Binobarin hozir har birimiz guvohi bo’lib turganimizdek, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi, o’ziga xos, ayni vaqtda shijoatli bosqichi davom etmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida ijtimoiy hayotimizning deyarli barcha jabhalarida hayotbaxsh, insonparvar jo’shqin o’zgarishlar ro’y bermoqda.
Jonajon xalqimizning 32 yil davomida bosib o’tgan yo’li hamda erishilgan yutuqlari, ayiqsa, so’ngi 6 yil ichida yurtboshimiz yetakchiligida amalga oshirilgan ulkan islohotlar natijasida Yangi O’zbekistonni bunyod etilayotgani hamda dunyo ahli bu jarayonni katta qiziqish va hayrat bilan kuzatib borayotganligi ayni haqiqat.
Qadrli do’stlar!
Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida so’z ketganda “Yangi O’zbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu oxirgi olti yilda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo’yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning e’tirofidir.
Xususan, mamlakatimizning barcha hududlari singari tumanimizda ham mislsiz o’zgarishlarga guvoh bo’lmoqdamiz.
Shu o’rinda yangilanayotgan O’zbekistonning tamomila yangi qiyofa kasb etayotgan Zomin tumanidagi o’zgarishlar, odimlayotgan raqamlarga qisqacha to’xtalib o’tsam.
Investitsiya – bu barcha davr va zamonlarda mamlakat taraqqiyotining qon tomiri hisoblangan. Sohada amalga oshirilayotgan ulkan faoliyatga Zomin tumani misolida qaraydigan bo’lsak, O’zbekiston Respublikasi Hukumat komissiyasining yig’ilish bayoni qarori bilan tasdiqlangan “2023 yilda ishga tushiriladigan hududiy investitsiya loyihalari” Dasturi asosida birgina 2023 yilning o’tgan davri mobaynida qiymati 79.6 milliard so’mlik 34 ta yangi investisiya loyihalari amalga oshirildi. Natijada, 394 ta yangi ish o’rni yaratildi. Bundan tashqari, 7.9 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o’zlashtirilib, 5.6 million dollarlik sanoat va qishloq xo’jalik mahsulotlari dunyoning 11 ta davlatiga eksport qilinmoqda.
Bu raqamlar salmog’ini, kundalik turmush tarzimizda, hayotimizda aks etgan o’rnini ko’z bilan ko’rib, chamalab bo’lmas. Ammo qilinayotgan ishlar, amalga oshirilayotgan rejalar, hayotga tadbiq etilayotgan loyihalar – bularning barchasi shu aziz xalqimizning farovon turmush kechirishi, xonadonlarimizning obodligi uchundir.
Aziz yurtdoshlar!
O’tgan qisqa vaqt mobaynida tumanda barcha sohalarda o’sish parametrlari ta’minlanib, o’tgan yilning mos davriga nisbatan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 106,0 foizga, qishloq xo’jalik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 103,4 foizga, xizmatlar hajmi
116,2 foizga, investitsiyalar hajmi 108,9 foizga, qurilish ishlari hajmi 102,7 foizga, chakana savdo aylanmasi 109,3 foizga ortdi.
Tumanda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida jami 2 ming 300 ta subyektga 29 milliard 500 million so’m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag’lari ajratildi.
2023 yil o’tgan davri mobaynida jami 295 ta yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilib, buning natijasida tumanda 845 ta yangi ish o’rinlari tashkil etildi. Aholimizning uy-joyga bo’lgan talabini qondirish maqsadida tumanimizda 320 ta xonadonga ega 15 ta 5 qavatli uy-joylar, 69 ta 4 sotixli 2 qavatli uylar qurib bitkazildi.
Tumanda “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalar soni 3 ming 66 tani tashkil etib, ushbu oilalarda 13 ming 748 nafar a’zolar istiqomat qiladi. Bugungi kunga qadar ushbu oilalarga hududdagi homiylar va “Saxovat va ko’mak” umumxalq harakati jamg’armasi mablag’lari hisobidan 5 milliard 236 million so’mlik 7091 ta yordam ko’rsatildi. Natijada, bugungi kunga qadar belgilangan yordamlar ko’rsatilib, oilaviy sharoiti yaxshilangan 3 ming 22 ta oila “Temir daftar” ro’yxatidan chiqarildi.
“Ayollar daftari”ning 4-bosqich doirasida tuman bo’yicha 4 ming 700 nafar ijtimoiy yordamga muxtoj xotin-qizlar daftarga kiritilgan bo’lib, belgilangan 6 ta yordam doirasida jami 3 ming 980 nafar xotin-qizlarga 1 milliard 324 million so’mlik yordamlar ko’rsatildi.
Ijtimoiy himoyaga muxtoj, tashabbuskor yoshlarimizni qo’llab-quvvatlovchi
“Yoshlar daftari” doirasida ham belgilab olingan barcha chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Jumladan, tumandagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 612 nafar yoshlarga jami 972 million so’m miqdordagi moddiy va amaliy yordamlar ko’rsatildi, qishloq ho’jaligi sohasida o’z faoliyatini boshlash istagida bo’lgan 340 nafar yoshlarga 312 gektar yer maydoni ajratildi, tadbirkorlik qilish niyatidagi 375 nafar yoshlarga 5 milliard 750 million so’m imtiyozli bank kreditlari taqdim etildi.
Bundan tashqari “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”da bo’lgan kam ta’minlangan 110 nafar fuqarolarga subsidiya asosida 385 million so’mlik asbob-uskunalar berilishi natijasida ularning bandligi ta’minlandi.
Bunday ijobiy o’zgarishlar qishloq xo’jaligi sohasida ham kuzatilmoqda. Joriy yilning bugungi davriga qadar sohada 10 milliard so’mlik 12 ta yangi investisiyaviy loyihalar ishga tushirilishi evaziga 183 ta yangi ish o’rni yaratildi.
Barchangizning xabaringiz bor, so’ngi bir necha yildan buyon tumanimizda bog’dorchilik yo’nalishi ham rivojlanib bormoqda. Birgina, 2022-2023 yillarda 2 ming 251 gektar bog’zorlar,
2 ming 6 gektar uzumzorlar bunyod etilganining o’zi ham fikrimni yaqqol tasdiqlab turibdi.
Aziz yurtdoshlar!
Joriy yilni muxtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilinishi mamlakatimizda inson va uning faoliyatiga berilayotgan e’tiborning yorqin namunasi, deb bilaman. Buni tumanimizda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlari misolida ko’rishimiz mumkin, xususan joriy yil mobaynida Oqtepa mahallasida yangidan barpo etilgan 528 o’rinli 37-sonli umumiy o’rta ta’lim maktabi foydalanishga topshirildi hamda tumandagi mavjud 5 ta umumta’lim maktablari uchun qo’shimcha binolar qad rostladi.
Shuningdek, tumanimizning chekka hududlarida aholiga sifatli tibbiy xizmatlar ko’rsatish maqsadida 3 ta oilaviy shifokorlik punktlari qayta tashkil etilganligi,14 ta tibbiyot kontenerlari o’rnatilganligi, 4 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining yangidan qurib foydalanishga topshirilganligi bugungi kundagi isloxotlarning samarasi o’laroq aholi turmush darajasini yaxshilashga hizmat qiladi desam adashmagan bo’laman.
Qadrli do’stlar!
Tumanimizning markazida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga bevosita guvohmiz. Zero, so’nggi yillarda bunyod etilgan o’nlab ko’rkam, muhtasham, zamonaviy binolarni ko’rib quvonamiz va faxrlanamiz. Bugun tumanimiz ahli uchun qo’shaloq bayram. Sababi, 178 milliard so’m mablag’ evaziga bunyod etilgan Zominsoy ko’ngilochar va dam olish majmuasi o’z faoliyatini boshladi.
Sharqona me’moriy yechim va uslublarning zamonaviy arxitektura bilan uyg’unlashuvini o’zida mujassam etgan ushbu majmua tezkor turmush tarzidan biroz tin olish, yoki shunchaki xordiq chiqarish uchun barcha sharoyitlar yaratilgan bo’lib o’zining landshaft dizayni, joylashgan go’zal hududi bilan e’tiborni tortadigan majmua hisoblanadi.
Bugungi kunga kelib Turizm sohasi - tumanimiz iqtisodiyotining “drayver” sohalaridan biriga aylangan. Shu o’rinda ta’kidlash joizki, Davlatimiz rahbarining “Turizm – mamlakatimiz iqtisodiyotining ertangi kuni” deb bejizga ta’kidlamaganligini bugun yanada chuqurroq tushunib yetmoqdamiz. Ya’ni, hududning turizm salohiyatini yuksaltirish orqali yangi ish o’rinlari yaratish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash, turizm xizmatlari eksportini amalga oshirish barobarida iqtisodiyotimiz rivojlanishiga katta hissa qo’shish imkoniyatlari mavjud.
Tumanimizning tog’li hududida tashkil etilgan “Zomin” turistik-rekreasion zonasining Bosh rejasiga muvofiq hududda dastlabki qiymati 2,8 trillion so’m bo’lgan obyektlar qurilishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda 466 milliard so’m mablag’ evaziga “Suffa” platosida 360 o’ringa ega bo’lgan 3 ta zamonaviy uch yulduzli mehmonxonalarda qurilish ishlari yakunlanib o’z faoliyatini boshladi.
Shuningdek 221 milliard so’m mablag’ hisobiga “Zomin” turistik-rekrasion zonasi hududida zamonaviy dor yo’li, ko’p qavatli avtoturagoh hamda SPA Sog’lomlashtirish markazi inshoatlari foydalanishga topshirildi.
Hurmatli yurtdoshlar!
So’zim so’ngida, Sizlarni yana bir bor eng ulug’, eng aziz bayram – O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi shodiyonalari bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysizlar!
Tilagim, barcha pok niyatlarimiz ijobat bo’lib, Yaratganning o’zi yurtimizni turli balo-qazolardan asrasin, birdamlik, do’stlik va ahillik kabi an’analarimiz qalblarda barqaror bo’lsin!
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va omad yor bo’lsin! Go’zal va betakror yurtimiz, mehnatsevar va olijanob xalqimiz doimo sog’-omon bo’lsin!
Yaratganning o’zi barchamizni panohida asrasin!
Mustaqilligimiz abadiy bo’lsin!
Zomin tumani hokimi
Alisher Abdug'aniyev