Zomin tumani 2-sektor hududidagi “Nurlikent” mahallasi binosi qurib foydalanishga topshirildi. Tadbirda tuman hokimi birinchi o’rinbosari, tuman prokurori, Mahalla xayriya jamoat Zomin tuman bo’linmasi boshlig’i, Nuroniylarni qo'llab-quvvatlash bo’limi boshlig’i, tuman kambag'allikni qisqartirish va bandlikka ko'maklashish bo'limi boshlig’i va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Mahalla binosining ochilish marosimida tuman hokimi birinchi o’rinbosari Z.Omoqulov soʻzga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosatning asl maqsadi va mamlakatni ertangi kundagi rivojlanishining muhim bosqichi, avvalo, mahalla institutining faoliyatini yanada takomillashtirish va nufuzini yuksaltirishga qaratilganligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Ochilish marosimi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida bayram tadbiriga ulanib ketdi.
Bayram tadbiri tuman Madaniyat bo'limi tomonidan kuy-qo‘shiqlar, raqslar ijro etilib, ishtirokchilar qalbiga xush kayfiyat ulashildi. Nuroniylar, mahalla ahli uchun bayram dasturxoni yozilib, elga osh berildi.