Statistik ma’lumotlarni yig‘ish jarayoni sohadagi ishlarni yuritishning eng muhim va ajralmas qismi hisoblanadi. Uning to‘g‘ri va samarali tashkil etilishi tahliliy ma’lumotlarning haqqoniyligi va aniqligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Statistika agentligi tomonidan birlamchi ma’lumotlarni yig‘ish jarayonida quyidagi texnologiyalardan foydalanib kelinmoqda: — eStat 4.0 avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali olingan ma’lumotlar; — planshet qurilmalari orqali o‘tkazilgan kuzatuvlar natijalari; — statistika integrallashgan axborot tizimida (SIAT) vazirlik va idoralarning ma’lumot bazalari bilan integratsiya orqali olingan axborotlar; — telefon so‘rovlari, vebsayt orqali o‘tkazilgan so‘rovnomalardan olingan ma’lumotlar.
2020 yildan boshlab statistika hisobotini qabul qilishning vebtexnologiyaga asoslangan avtomatlashtirilgan axborot tizimi (“eStat 4.0”) agentlik mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilib, ishga tushirildi. U hisobotlarni shakllantirish va taqdim etishda alohida dasturiy ta’minot o‘rnatishni talab etmaydi, yuborilgan ma’lumotlar holati avtomatik tarzda tekshiriladi. Statistik kuzatuvlar bilan bog‘liq barcha jarayon haqida “shaxsiy kabinet” yordamida xabardor qilinadi va boshqa qulayliklar taqdim etib kelinyapti. 2022 yil yakuni bilan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, foydalanuvchilarning 70 foizdan ortig‘i axborot tizimiga kirish qulayligi, 85 foizi uning interfeysi imkoniyatini, 82 foizi yaratilgan vositalar va 75 foizi ishlash tezligini ijobiy baholagan. Ctatistika idoralari tomonidan xalqaro tavsiyalarga muvofiq hamda respondentlarga hisobot taqdim etish yuklamasini bosqichmabosqich qisqartirib borish maqsadida doimiy ravishda statistika kuzatuvi shakllari takomillashtirib borilmoqda. Jumladan, 2023 yil uchun statistika hisobotini shakllantirishda ularning 4 tasi o‘zaro birlashtirilib, ma’muriy ma’lumotlarga o‘tkazish va mavsumiyligini hisobga olgan holda bekor qilindi. 62 ta statistika hisoboti va ularning ilovalaridagi ko‘rsatkichlar sonini 2022 yilga nisbatan 3 ming 174 taga (17,7 foiz) qisqartirish orqali soddalashtirildi. 47 ta hisobot shaklining topshirish muddati respondentlarga qulay bo‘lishini inobatga olib maqbullashtirildi. Natijada 2022 yilga nisbatan statistika hisobotlari soni 10,9 foizga, shu jumladan, oylik hisobotlar 14,3 mavsumiy hisobotlar 33,3 va yillik hisobotlar 12,2 foizga qisqartirildi. 2023 yil uchun 98 ta (2022 yilda 110 ta) hisobot shakli tasdiqlandi va Adliya vazirligidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Istiqbolda ham statistika kuzatuvi shakllari takomillashtirib boriladi. Bundan to‘rt yil muqaddam tanlanma statistik kuzatuvlarni planshet qurilmalar yordamida o‘tkazish hamda ma’lumotlarni onlayn rejimda internet orqali Statistika agentligi markaziy apparati serverlariga yuborish imkoniga ega axborot tizimi va maxsus dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan edi. Ushbu dastur orqali narxlar va uy xo‘jaliklari tanlanma statistik kuzatuvlarini 2019 yildan boshlab respublika miqyosida test rejimida ishga tushirilgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib, barcha turdagi tanlanma statistik kuzatuvlarni o‘tkazish jarayonida to‘liq raqamli texnologiyalardan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Tuman va shahar statistika bo‘limlari planshet qurilmalari bilan ta’minlandi va kuzatuvlar joriy etildi. Ularning samarasi tufayli 2022 yilda 16 mingdan ortiq savdo nuqtalaridagi tovar va xizmatlar narxi, 14 mingta xonadonda uy xo‘jaliklari, 55 mingdan ortiq jismoniy shaxslar va 10,8 ming avtotransport egalari bilan xizmatlar sohasi bo‘yicha tanlanma kuzatuvlar o‘tkazildi. Shu bilan birga, 5 mingdan ortiq qurilish, 30 mingga yaqin ob’ektlarda sanoat va savdo sohalari, 36 mingdan ziyod qishloq xo‘jaligiga doir tanlanma statistik kuzatuvlari planshetlar yordamida o‘rganildi. Ushbu jarayonga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali ularning samaradorligi va ishonchliligini oshirish imkoniyati yaratildi hamda kuzatuvlarni o‘tkazishga sarflanadigan qog‘oz sarfi 100 foiz, ma’lumotlarni to‘plash vaqti 2 barobar, ularni kiritish va qayta ishlash muddati 510 barobar, ma’lumotlarni yetkazib berish vaqti esa 10 kundan 1 daqiqaga qisqardi.
Tuman statistika bo‘limi