Zomin tumanida 2023 yilning 2 dekabr kuni keng nishonlandi. Xalqaro Nogironlar kuni tadbiriga Zomin tumanidagi ko‘pgina tashkilotlar jumladan, tuman hokimligi, tuman Nuroniylar kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Yoshlar ittifoqi, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari,”Mehr shafqat” jamg‘armasi, O‘zLiDeP tuman kengashi, O‘zXDP tuman kengashi, Xalq qabulxonasi ishtirok etdi va tadbirning o‘tishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar.
Dekabr kuni ertalab soat 8-00 da Zomin tuman markazidagi Sport maktabida nogironlar o‘rtasida shaxmat, shashka, futbol va armrestling musobaqalari o‘tkazildi. Paraspartakida g‘oliblariga Yoshlar ittifoqi tomonidan 1 million so‘mlik, Nogironlar jamiyati tomonidan 600 ming so‘mlik, “Mahalla” jamoat fondi tomonidan 500 ming so‘mlik rag‘batlantiruvchi sovg‘alar topshirildi.
Shundan so‘ng 2 dekabr kuni soat 10-00 da tuman markazidagi “Yangi Qo‘rg‘on” tantanalar majmuasida Zomin tuman hokimligi tomonidan 50 million so‘mlik nogironlar uchun bayram dasturxoni tashkil etildi. Tadbirda Zomin tuman xokimining o‘rinbosari Z. Omonqulov ishtirok etdi va tadbir ishtirokilarini bayram bilan tabrikladi. Tadbir davomida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan 5 nafar nogironlarga 1 million 605 ming so‘mlik nogironlik aravachalari topshirildi.
2-3 dekabr kunlari tumandagi Xalq qabulxonasi, sektorlar rahbarlari, tadbirkorlar tomonidan 117 nafar yotib qolgan nogironlarning holidan xabar olindi va ularga jami 46 million 800 ming so‘mlik oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar topshirildi.
Shuningdek, Xalq qabulxonasi tomonidan Qo‘rg‘on (Ibragimova Dilbar 2-guruh nogironi, eri 2-guruh, o‘g‘li Oybek bolalikdan nogiron), Taraqqiyot (1-guruh nogironi Umarov Bahodir o‘zi va xotini 2-guruh nogironi), Kayirma ( Akramova Noriniso) mahallalarida yotib qolgan 3 nafar nogironlarga 1 million 200 ming so‘mlik oziq ovqat mahsulotlari berildi. Xalqaro Nogironlar kuni Zomin tumanidagi “Muruvvat uyi”dam ham keng nishonlandi.
Tuman hokimligi va homiy tashkilotlar tomonidan Muruvvat uyidagi 200 nafar nogiron xotin-qizlarga bayram dasturxoni tuzatildi va baryram sovg‘alalari ulashildi. Zomin tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan nogironlarni ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash,ularni rag‘batlatlantirish ishlari shu kunlarda ham davom etmoqda.