Iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish, xalq farovonligini ta’minlashda xususiy mulkning roli juda katta.
Keyingi yillarda mamlakatimizda mulk huquqini noqonuniy xurujlardan himoya qilish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yangilangan Konstitutsiyamizning 65-moddasida O‘zbekiston iqtisodiyotining fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan asosini turli ko‘rinishdagi mulk tashkil etishi qayd etilgan. Davlat bozor munosabatlari va halol raqobatni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratadi, iste’molchilar huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat erkinligini kafolatlaydi. O‘zbekiston Respublikasi mulkning barcha shakllarining tengligi va huquqiy himoyasini ta’minlaydi. Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar va tartibda, shuningdek sud qarori asosida mahrum etilishi mumkin emas.
Xususiy mulk daxlsizligining konstitutsiyaviy tan olinishi aholi farovonligini oshirish, mulkchilik shakllari va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Amalda sudlar fuqarolar va tadbirkorlarning xususiy mulk bilan bog‘liq huquqlarini himoya qilishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Shu bilan birga, aholining bu boradagi huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Fuqaroni faqat sud qarori bilan hech kim xususiy mulkdan mahrum qila olmasligi, shubhasiz, odamlar va tadbirkorlik sub’ektlarining erkin yashashi, faoliyat yuritishi uchun zamin yaratadi.
Bu yangiliklar iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish, sarmoyadorlarni jalb etadigan jozibador ishbilarmonlik muhitini yaratishga ham xizmat qiladi.
A.Pulatov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Zabdor tumanlararo sudi sudyasi