Hozirgi kunda butun dunyo bo‘ylab suv tanqisligi kuzatilmoqda. Suv tanqisligi kuzatilayotgan va kutilayotgan bir sharoitda o‘z dalasini, ya’ni g‘alla dalasimi, bog‘mi, tomorqasi yoki chorva ozuqa yerlari bo‘ladimi chilla suvi bilan qondirib sug‘orish kerak, ya’ni yaxobsuvi berish kerak. G‘allachilik va sabzavotchilik fermer xo‘jaliklari shudorlangan maydonlarni 20 yanvargacha pol olib, har bir gektar yerga 1500-2500 m3 gacha suv bilan sho‘r yuvish talab qilinadi. Bu yilgi qat’iy amalga oshirilishi kerak bo‘lgan majburiy tadbir hisoblanadi.
Nima uchun majburiy:
Tuproq tarkibi sho‘rlanmagan dalaning o‘zi qolmadi. 2023 yil vegetatsiya davrida dalalar 5-6 ming m3 suv bilan sug‘orilgan bo‘lsa bu degani o‘sha paytda suv bilan bir gektar yerga 180-200 kg gacha tuz yig‘ilgan.
Yoz va kuz oylaridagi surunkali chang-to‘zonlarning kuzatilishi oqibatida tuproq tarkibiga ma’lum bir miqdorda tuz yig‘ilishi ham bizda sho‘r yuvishni talab qiladi.
Viloyatimining Sh.Rashidov, Zarbdor, Zomin tuman yerlarini joriy tekislab, jo‘yak olish orqali gektariga 1200-1500 m3 suv bilan nam suvi berilishi yoki chilla suvi berilishi tuproq tarkibidagi zararli tuzlarni yuvish bilan birga 2024 yil uchun nam to‘plashda o‘ta ahamiyatga ega. Chunki 2024 yilda kuzatiladigan har qanday suv tanqisligi sharoitida bu tadbir sug‘orishda bir marta suv olishni iqtisod qiladi.
Ushbu tadbir viloyatimiz dehqonlari uchun yozgi vegetatsiya davridagi mehnatimizdan ham muhimroq hisoblanadi. Agar biz qishning chillasida yerni suvga to‘yintirsak yoz chillasida ayni surunkali issiq harorat davrida hosil yo‘qotilishining oldini olamiz. Chunki ushbu tadbirlarni amalga oshirishni hayotning o‘zi taqozo qilayapdi. Bizni suv bilan ta’minlaydigan asosiy suv manbai bo‘lgan Qirg‘iziston Respublitkasidagi To‘xtako‘l suv omboridagi ko‘p yillikga nisbatan6 mlrd m3 kam suv yig‘ilgan. Bu esa bizga yozgi vegetatsiya davrida ko‘plab muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
G‘allaning chilla suvini berish juda katta ahamiyatga ega. G‘allaga chilla suv bergan dalalarda g‘alla ildizlari zararli tuzlardan yuviladi, g‘allaning mum pishish davridagi suvga talab paytida g‘allaning chillada yetarli nam to‘planishi sababli g‘alla doni puch bo‘lishining oldi olinadi. Chilla suvi berilgan dalalarda ildizi tuzlardan yuvilishi hisobiga ildiz yaxshi rivojlanadi. Bu g‘allaning yerdan bor ozuqani maksimal o‘zlashtirishga imkoniyat yaratadi.Chilla suvi hisobiga g‘alla hosildorligini kamida 15-20 sentnerga oshirish imkoniyatini beradi.
Bor suvdan tejab-tergab isrof qilmasdan oqilona foydalanish buning uchun suv yuradigan ichki ariqlar, lotoklarni, kanallarni qo‘l kuchi va mexanizmlar yordamida 20 yanvargacha tozalash talab etilgan. Suvni ag‘darma usulida sug‘orish maqsadga muvofiqdir.
Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi
suv xo‘jaligi obektlarini xavfsizligini va
suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi
Jizzax viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi
A.Abdullaev