Zomin Milliy tabiat bog‘ining maydoni 23 609,2 gektarni tashkil etib, hududda hayvonot va o‘simliklar dunyosining noyob turlari uchraydi. Milliy tabiat bog‘i ma’muriyati tomonidan nafaqat ekoturizmni rivojlantirish, shu bilan birgalikda bog‘ning fauna va florasini muhofaza qilish, turlar populyasiyasini ko‘paytirish, yashash areallarini kengaytirish maqsadida ilmiy ishlar va boshqa tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Biotexnik tadbir qish faslida hayvonot dunyosini sovuqdan asrash, jonivorlarni yemishsiz qoldirmasik hamda ularga sun’iy ozuqa maydonchalarini yaratish maqsadida o‘tkazilishi ko‘pchilikka ayon. O‘tgan kuni Zomin Milliy tabiat bog‘i xodimlari tomonidan hududda biotexnik tadbir tashkil etildi.
Milliy bog‘ nozirlari tomonidan hayvonlarning ozuqa izlab doimiy yuradigan joylariga omuxta yem, xas-xashaklar qo‘yib chiqilyapti. Dengiz sathidan 2400-2800 metr balandlikda bo‘lgan hududlarda odatda yovvoyi hayvonlar yashaydi. Ularni qish kunlarida asrab qolish, turlar sonini ko‘paytirish maqsadida 2024-yil davomida bir-necha marotaba biotexnik tadbirlarni o‘tkazdik. Bunday sun’iy oziqlantirish ishlari bahorgacha davom ettiriladi,-deydi Milliy bog‘ direktori o‘rinbosari Husniddin Hazratqulov.
Ayni kunda Milliy bog‘ning tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan qor yog‘ioqda. Qor qalin tushgan kunlarda Milliy bog‘ xodimlari tezkor ravishda biotexnik ishlarni amalga oshirishga kirishadilar. Bu esa hayvonot dunyosini asrab, kelajak avlodlarga yetkazishda muhim omil bo‘lib hisoblanadi.