Jahon miqiyosida aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda agrar sohaning o‘rni va ahamiyati kundan-kunga oshib bormoqda. Jumladan mamlakatimizda ham mavjud resurs imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, hosildorlik va manfaatdorlikni yanada oshirish, sohaga ilm-fan yutuqlari hamda zamonaviy yondoshuvlarni joriy etish dolzarb masaladir.
Mamlakatimizda bug‘doyni yetishtirishda ilmiy amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bug‘doydan yuqori hosil olish uchun agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish muxim vazifalardan biri hisoblanadi. Bug‘doyga o‘z vaqtida o‘tkaziladigan agrotexnika tadbirlardan biri zararkunanda va kasalliklariga qarshi kurashishdir. Xashoratlarga qarshi kurashish uchun urug‘ ekish davridan toki hosil yig‘ib-terib olingungacha bo‘lgan davrda turlicha kurashish usullaridan rejali ravishda foydalaniladi. Bug‘doyga ekilgandan boshlab yig‘ib olingunga qadar 500 dan ortiq turdagi zararkunandalar va kasalliklar zarar yetkazadi. Ular ekinlarning butun vegetatsiyasi davrida ildizi, poyasi va generativ organlarini zararlaydi. Bu zararkunandalarning 50 dan ortiq turi hosilning sifatiga va miqdoriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Zararkunandalar barcha iqlim sharoiti va o‘simlik turlariga moslashgan bo‘lib, g‘alla ekilgan maydonlarda o‘ta tezlik bilan ko‘payib rivojlanadi. Zararkunandalarning eng yuqori zarari g‘alla ekinlari unib chiqish davriga to‘g‘ri keladi. Boshoq chiqarish davri yaqinlashganda, asosan, g‘alla poyasigina zararlanib, bu fazada g‘alla ekinlari zararkunanda bilan zararlanadi. Ayrim zararkunandalar g‘alla ekinlarining boshoqdagi donlari bilan oziqlanishga moslashgan. Ba’zi zararkunandalar o‘simlikni vegatativ qismi bilan oziqlanib, boshoqda don hosil bo‘lishi bilan oziqlanishdan to‘xtaydi. Shunday kasalliklardan biri bu zang kasalligidir.
Bug‘doyning zang kasalligi- Bug‘doy kasalliklari orasida zang kasalliklari himoyalanmagan bug‘doyzorlarni to‘la vayron qilish hususiyati bilan ajralib turadi. Mamlakatimizda bug‘doy kasalliklaridan eng asosiysi va o‘ta zararlisi sariq zang bo‘lib, kasallik keng tarqalgan yillari u bug‘doy hosilining keskin kamayishiga olib keladi. Zang kasalliklarini dalada aniqlash uchun fevral-mart oylarida har 4-5 kunda g‘alla maydonlari bir marotaba kuzatuvdan o‘tkaziladi. Bunda dehqon-fermerlar va nazoratchilar har bir dalaning 5-10 joyidan 10 ta o‘simlikda tekshirish o‘tkazishlari va ularda kasal bug‘doy o‘simliklari soni va zang rivojlanishi darajalarini hisobga olishlari lozim.
Agrotexnik chora-tadbirlar- Agrotexnik tadbirlar dalalarni ekishga tayyorlash, urug‘lik don ekish, o‘sish davrida ekinning begona o‘tlar bilan kurashish va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Kuzgi bug‘doy muddatidan erta ekilganida zang va boshqa kasalliklarga ko‘proq uchraydi. Dalalarda va ularning chetlarida begona o‘tlar o‘sishiga qarshi muntazam kurash o‘tkazib turish lozim. Chunki boshoqli don begona o‘tlarning ko‘p turlari zang zamburug‘lari uchun alternativ xo‘jayin o‘simliklar hisoblanadi. Ekinlarni balansi saqlangan mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish lozim. Azotli o‘g‘itlar miqdorini keragidan oshirib solish bug‘doyning zang bilan zararlanishiga moyligini kuchaytiriadi, kaliy, fosfor va mikroelementlar esa ularning zang bilan zararlanishiga chidamliligini oshiradi. Bug‘doy urug‘ini ekishdan oldin bor, magniy, mis, temir, rux, marganes kabi mikroelementlar bilan ishlov berish kerak.
G‘alla maydonlarida zang kasalligiga qarshi o‘z vaqtida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilsa yuqori hosil olishga erishiladi.
Sh.Turdibekov
O‘zagroinspeksiyaning Zomin
tumani bo‘limi boshlig‘i