Joriy yilning 19 fevral kuni Zomin tumani suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi ma’muriy binosida muassasa xodimlari hamda tumandagi tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirokida, Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sh.Begmatov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor tumanlararo sudi raisi O.Egamberdiev va fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor tumanlararo sudi sudyasi A.Po‘latovlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5-sonli Qarorining mazmun-mohiyati to‘g‘risida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbati davomida ishtirokchilarga yuqoridagi qarorga binoan suv yetkazib berish xizmatlarining asosiy vazifalari, jumladan belgilangan limitlar asosida iste’molchilarga suv yetkazib berish, o‘ziga biriktirilgan hududda suvning hisobi va hisobotini yuritish, sug‘orish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni soz holatda saqlash, ta’mirlash-tiklash tadbirlarini amalga oshirish, suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv monitoringi, hisobi va hisoboti yuritilishini raqamlashtirish, iste’molchilar kesimida iste’mol qilingan suv hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etib borish, suv iste’molchilarining buyurtmanomasi asosida boshqa suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish tartibi bu borada tadbirkorlik sub’ektlariga Davlat tomonidan berilgan imtiyozlar va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan berilayotgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha keng tushuntirishlar berib o‘tildi.
Shuningdek, targ‘ibot tadbiri aksiyadorlik tijorat “Agrobank” Zomin filiali binosida bank xodimlari, tumandagi korxona, muassasa va tashkilotlarning huquqshunoslari hamda tumandagi tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida davom ettirilib, targ‘ibot davomida sudyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 25 dekabrdagi “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”, “Sud qarorlarining qonuniyligi va asosligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”, 27 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish o‘g‘risida”, 2024 yil 12 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Konstitusyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusyaviy Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida, 16 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga ma’muriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida, hamda 17 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga respublika ijro etuvchi xokimiya organlarining nomlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarining mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi.