O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 04-martdagi «2024-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi PQ-113-sonli qarori ijrosi shuningdek, mamlakatimizda mo‘tabar ayol zotiga ulkan ehtirom ko‘rsatish, davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni va nufuzini oshirish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida tashabbus va ibrat ko‘rsatib kelayotgan xotin-qizlar faoliyatini targ‘ib etish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Zomin tumani 12-sonli Musiqa va san’at maktabi binosida «Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz!» shiori ostida madaniy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri bo’lib o’tdi.
Tadbirda poytaxtimizdan tashrif buyurgan olimlar, yozuvchi-shoirlar, san’atkorlar, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar muhtaram Prezidentimizning 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda so‘zlagan nutqi hamda mamlakatimiz ayollariga qilgan murojaatlarini mazmun mohiyati haqida so‘z oldilar.
Ma’lumki, bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib, mehr va tarbiya berib voyaga yetkazgan buyuk ona siymosiga, mo‘tabar ayol zotiga e’tibor kundan kunga rivojlanib, xotin-qizlar uchun erkin, obod va farovon hayot barpo etish-davlatimiz va jamiyatimizning eng ustuvor vazifasi etib belgilangan. Zero, inson qadrini ulug‘lash avvalo azizu mukarrama ayollarimizni ulug‘lashdan boshlanadi.