Aziz yurtdoshlar! Qadrli do‘stlar!
Yurtimizda uyg‘onish, yasharish, yangilanish ayyomi – Navro‘zi olam nafasi ufurib turibdi. Xalqimiz ushbu qutlug‘ shodiyonani har yili o‘zgacha shukuh va kayfiyat bilan qarshi oladi. Allohga shukurki, ona-yurtimiz tinch, mamlakatimiz obod. Ana shunday ozod yurtning obod manzillarida esa sizu biz azaliy ayyom – Navro‘zi olamni zo‘r quvonch va katta xursandchiliklar ila qarshi olmoqdamiz. Barchangizni yurtimizga qutlug‘ qadamlari bilan kirib kelayotgan bahor, yasharish va yangilanish ramzi bo‘lmish Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etaman!
Bugun bepoyon Vatanimizning voha va vodiylari, shahar va qishloqlari, bog‘ va maydonlarida el-yurtimiz katta shod-u xurramlik bilan yurtimizdagi aziz insonlar bir-birlarini qutlab, dala va qirlar, bog‘ va maydonlarda Navro‘z bayramini shodu xurramlik bilan nishonlab Navro‘z sayillarini o‘tkazmoqda. Doshqozonlarda sumalaklar pishirib, dasturxonlarga bahor ne’matlarini tortib, sayil-tomoshalar qilmoqdalar. Shu yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytmoqda.
O‘zaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat ko‘rsatish, tabarruk keksalarimizni yo‘qlash, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar o‘tkazib, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlarimiz Navro‘zning fayziga yanada fayz qo‘shmoqda.
Qalblarimiz quvonchga to‘lib turgan ushbu dilbar lahzalarda keksa-yu yosh - jamiki yurtdoshlarimizni chin dildan qutlab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman. Barchangizga yana bir bor Sharqona yangi yil muborak bo‘lsin! Kirib kelayotgan Navro‘zi olamning qadami qutlug‘ bo‘lsin!
Bugun jonajon yurtimizga go‘zallik va nafosat, yasharish va yangilanish, mehr va oqibat bayrami – Navro‘z kirib kelar ekan, dala va qirlarimiz, bog‘ va yaylovlarimiz ko‘klam yomg‘irlari – obirahmatdan bahramand bo‘lib, bo‘lg‘usi mo‘l hosil, qut va barakadan darak bermoqda. Har bir inson o‘zining tabiat farzandi ekanini yanada chuqur anglayotgan mana shunday munavvar ayyomga el-yurtimiz bilan sog‘-omon yetganimiz uchun, avvalo, Yaratganimizga behad shukronalar aytamiz.
Mana shu betakror lahzalarda ko‘klamning har bir kuni, har bir soatini g‘animat bilib, dalasiga yo‘l olayotgan mirishkor dehqon va fermerlarimiz katta umid bilan yerga urug‘ qadamoqda. Hudud va mintaqalarimizda “Daraxt ekib, bog‘ yaratamiz, yurtimizni yanada obod qilamiz”, degan ezgu maqsadda minglab ko‘chatlar ekilmoqda. Mana shu xosiyatli kunda barchamiz yilimiz qutlug‘ kelsin, dehqonlarimizning baxtini, omadini bersin, hosilimiz mo‘l bo‘lsin, deb niyat qilamiz.
Bugun katta orzu-umidlar bilan saflarimizga kirib kelayotgan navqiron o‘g‘il-qizlarimizni – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini barchamiz samimiy olqishlab, ularga baxt va omad tilaymiz.
Aziz yurtdoshlar!
Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevning 2024 yil 4-martda qabul qilingan qarorlarida ushbu yilgi ayyomni “OLAM NURGA TO‘LSIN, SEN BILAN NAVRO‘Z” degan bosh g‘oya asosida o‘tkazish belgilab berildi.
Darhaqiqat, Birlashgan Millatlar Tashkilotining umume’tirofiga sazovor bo‘lgan, dunyo tan olgan eng qadimiy bayramlardan biri bo‘lmish Navro‘z mehr va oqibat bayrami sifatida har bir ko‘ngilga nur, yorug‘lik olib kiradi. Qolaversa, bu yilgi shoiyonalar islom olamida eng qutlug‘ oylardan bo‘lmish Ramazon oyi bilan birga kirib kelayotgani ham ushbu yilda Navro‘zning chinakam ezgulik. Silayi rahm, ehson va muruvvat bayrami sifatida nishonlanishiga asos bo‘la oladi.
Muxtaram yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda Inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini amalda ta’minlash, ayniqsa olis va chekka hududlar aholisi uchun munosib sharoit yaratib berish, oddiy qilib aytganda, xalqimizni rozi qilish – bizning bosh maqsadimiz bo‘lib qoladi.
Ma’lumki, joriy 2024 yil Prezidentimiz tashabbuslari bilan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi. Bu ham bo‘lsa nurli kelajagimizning egalari bo‘lmish yosh avlodga, ularning faoliyatiga berilayotgan e’tiborning yorqin namunasidir.
Bugun dunyoga Yangi O‘zbekiston sifatida qayta tanilayotgan yurtimizning qay bir go‘shasini olmang, o‘ziga xosligi bilan ajralib turibdi. Zomin – ana shu diyorning ajralmas, Yaratganning nazari tushgan go‘shalaridan biri. Zotan, “O‘zbekistonning Shveysariyasi” degan zamonaviy e’tirofga sazovor bo‘lgan tumanimizning ikki ming yillik tarixi ham ulug‘-ulug‘ yurtlarning o‘tmishi bilan bo‘ylashadi, tenglashadi.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak ushbu yurt uchun ezgu mehnatlarini ayamagan tumandoshlarimiz yodga tushadi. Ularning pok ruhlarini shod etib, bugungidek ulug‘ ayyomlarda, muqaddas Ramazon kunlarida eslab o‘tsak, menimcha, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ana shunday ezgu ishlari, ibratli fazilatlari bilan el hurmatiga sazovor bo‘lgan insonlardan tumanda tibbiyot sohasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan ustoz shifokor Miromon Mirziyoev, mehnat qaxramoni Ergash Xolmatov, jonkuyar rahbar va tashabbuskor, tadbirkor, ustoz insonlar - Sattor Usmonov, Boltaboy Raxmatullaev, Axad Soibnazarov, Said Mamatqulov, Berdi G‘aybullaev, O‘rol Abdualimov, Parda Umurzoqov, Abdug‘ani Oqqulov, Ergash Sarimsoqov, Oqbo‘ta Umarov, Qaxxor Murodov, Nurmuxammad Umarov, Mamatqul Umurzoqov va boshqa yurtdoshlarimiz yodi bizlarga o‘rnak va namunadir.
Ana shu ajdodlar ishini bugun sharaf bilan davom ettirayotgan avlod – nuroniylarimizdan Zominimizning yanada rivojlanib o‘sishiga o‘z mehnatlarini ayamay xizmat qilayotgan tumandoshlarimiz Erkin Xolmatov, Nusrat Pardaev, O‘rol Oqqulov, Po‘lat Tojiboev va boshqalarni aytishimiz mumkin.
Hayotimizni yanada go‘zal va obod qilishda biz mo‘tabar otaxon va onaxonlarimizdan, ularning dono maslahatlari va duoi fotihalaridan kuch-quvvat olamiz. Milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida mardona mehnat qilayotgan hurmatli aka-ukalarimiz, aziz opa-singillarimizga – butun xalqimizga ishonamiz va tayanamiz.
Darhaqiqat, bugun butun mamlakatimiz bo‘ylab yangi kuch, yangi to‘lqin bilan bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Har bitta sohada jadal va izchil islohotlarning natijasi yaqin yillar ichidayoq o‘zining ijobiy natijasini bera boshladi.
Ta’kidlash kerak, ko‘lam jihatidan bunday ulkan bunyodkorlik ishlari davom etayotgan mamlakatimizning har bir nuqtasidagi kabi tumanimiz miqyosidagi bugungi yangilanish va o‘zgarishlar ham Yangi O‘zbekistonimizning yanada gullab-yashnashi, aholi turmush farovonligini oshirish yo‘lidagi davlatimiz g‘amxo‘rligining yorqin ifodasidir.
Muhtaram vatandoshlar!
Mir Alisher Navoiy bobomizning olam ahliga, biz – avlodlarga qarata “Har kuning Navro‘z bo‘lsin!” deb aytgan tilaklarini hammamiz yaxshi bilamiz. Shu ma’noda, keksalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, yordam va ko‘makka muhtoj kishilarni qo‘llab-quvvatlash, bemorlarning dardiga darmon bo‘lish kabi xalqimizga xos savobli amallarni nafaqat Navro‘z ayyomida, balki har kuni, vijdon amri bilan ado etishimiz lozim.
Bugun mamlakatimizda barpo etilayotgan ijtimoiy va xalqparvar davlatda mehr-shafqat, saxovat va himmat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik hayotimiz qoidasiga aylanishi zarur. Toki azaldan “odamiylik diyori” deb shuhrat qozongan Vatanimizda har bir inson xalqimiz va davlatimizning mehri va e’tiborini to‘la his qilib yashasin.
Qadrli do‘stlar!
Bu yilgi xosiyatli Navro‘z fasli yurtimizga ko‘plab quvonchli voqealar, qo‘shaloq bayramlarni boshlab kelmoqda. Shu kunlarda yana bir qutlug‘ va fazilatli oy – muqaddas Ramazoni sharifning saodatlaridan bahramand bo‘lib turibmiz. Bugungi imkoniyatdan foydalanib, yurtimiz musulmonlarini, butun islom ummatini ana shu tabarruk ayyom bilan ham chin qalbimdan muborakbod etaman. Ushbu ilohiy oyda qiladigan xayrli amallarimiz qabul bo‘lib, ezgu va pok niyatlarimiz ijobat topaversin!
Qolaversa, mamlakatimizda 22 mart kuni nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan ham barchangizni qutlayman. Mustaqillik yillarida Navro‘zi olam diyorimizdagi barcha millat va elat vakillarini yagona va ahil oila etib birlashtiradigan do‘stlik va nafosat bayramiga aylanganini biz yuksak qadrlaymiz. Bunday noyob va bebaho boyligimizni hamisha ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylaymiz.
Bu yilgi Navro‘z umumxalq bayrami arafasida ham bir qator muhim ob’ektlar qurib-foydalanishga topshirildi. Joriy 2024 yilning o‘tgan davri mobaynida o‘nlab qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Bu yilgi ayyomni mahallalarimizda bir qator ko‘chalarning, qabristonlarning obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan boshladik. Har bitta mahalladagi boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz keksalar xolidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari tarqatildi. Ko‘p bolali, ijtimoiy himoyaga muxtoj xonadonlarga tashrif buyurilib, ulardagi bolajonlar, xastalarga ham bayram kayfiyati ulashildi.
Zotan, azaldan ota-bobolarimiz Navro‘z arafasida yo‘qsillarga ko‘maklashganlar, bemorlar, qavmu-qarindoshlar, keksalar xolidan xabar olingan. Bu udum va an’analar ayniqsa Ramazon oyida yana ham ko‘proq ezgulik baxsh etadi.
Qadrli do‘stlar! Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Navro‘zi olam Vatanimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari uchun, butun xalqimiz uchun eng suyukli bayramdir. Bugun biz yurtimizda mana shunday qutlug‘ bayramni nishonlash barobarida, butun dunyoda tinchlik va xotirjamlik bo‘lishini, uzoq va yaqin barcha davlatlarning xalqlariga taraqqiyot, farovonlik hamda ravnaq tilayman.
Barchangizni, butun xalqimizni Navro‘z umumxalq bayrami bilan yana bir bor tabriklayman. Fasli navbahor har bir oila, har bir mahallaga, elu yurtimizga tinchlik va farovonlik, baxtu saodat olib kelsin! Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin! Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin! Navro‘zi olam yurtimizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin! Har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, to‘y-tomoshalar ko‘p bo‘lsin! Barchamizning ezgu orzu-niyatlarimiz ushalsin! Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin! Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat!