O‘zbekiston Respublikasi "Odam savdosiga qarshi kurash to‘g‘risida"gi qonuni (Mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasining "Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi 2020 yil 17 avgustdagi O‘RQ-633-sonli qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan)ning 3-moddasida, odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka o‘xshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson a’zolari yoki to‘qimalarini ajratib olishni anglatadi;
Odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxs – mustaqil ravishda yoki bir guruh shaxslar tarkibida odam savdosi bilan bog‘liq har qanday harakatni sodir etuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs, shuningdek o‘z harakatlari bilan odam savdosiga ko‘maklashadigan, xuddi shuningdek garchi o‘z mansab vakolatlariga ko‘ra to‘sqinlik qilishi va qarshi kurashishi shart bo‘lsa ham odam savdosiga to‘sqinlik qilmaydigan yoki qarshi kurashmaydigan mansabdor shaxs ekanligi ko‘rsatilgan.
Sir emaski, ayrim yurtdoshlarimiz xorijda ishlashni orzu qilib turli yo‘llar bilan chet ellarga ketmoqda. Oqibatda ko‘plab hamyurtlarimiz ish haqi olmasdan og‘ir sharoitlarda mehnat qilib, sog‘lig‘i va bor budidan hatto jonidan ayrilayotganligi ham bor haqiqat. Ular orasida ayollarning fohishabozlik bilan shug‘ullanishiga jalb etilishi, bolalar mehnatining ekspluatatsiya qilinishi ayanchli oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Zarbdor tumanlararo sudi raisi
Odil Yuldoshboevich Egamberdiev