Qonun o‘zgartirildi: endi sudlar raislari xalq deputatlari mahalliy kengashlarga axborot bermaydi!
Joriy yilning 30 mart kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining
51-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Ta’kidlandiki, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida sud hokimiyatining mustaqil holda ish yuritishiga va sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar belgilab qo‘yilganligi sudlar faoliyati samaradorligini oshirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi. Mazkur konstitutsiyaviy kafolatlarni hayotga to‘laqonli tatbiq etish, sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlash maqsadida sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoidani bekor qilish, shuningdek sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilganligi munosabati bilan yagona sud amaliyotini ta’minlash, qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlarni va ziddiyatlarni bartaraf etish zaruriyati yuzaga kelmoqda. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoidani bekor qilishni, o‘z navbatida sudlarning o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni har chorakda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borishini, shuningdek sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilganligi munosabati bilan yagona sud amaliyotini ta’minlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Zarbdor tumanlararo sudining raisi
O.Egamberdiev