May oyi madaniy va ma’rifiy tadbirlar oyligi munosabati bilan tumanimizning Shirin qishloq fuqarolar yig‘inida joylashgan muhtasham “Oq tulpor” tanatanalar majmuasida Jizzax viloyat hokimligi, Zomin tuman hokimligi va tuman Mahallalar uyushmasi tashabbusi bilan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Madaniy-ma’rifiy tadbirda tumanimizdagi mehnat faxriylari, nuroniylar, shuningdek, Farg‘ona viloyatidan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirok etishdi.
Tadbirda Jizzax viloyat hokimi E.Soliev so‘zga chiqib, Zomin tumanida aholi xonadonlarida tomorqa maydonlaridan samarali foydalanish, xonadonlarni uzumchilik va ko‘katchilikka ixtisoslashtirish haqida so‘z yuritdi. Aholi tomorqalarini rivojlantirishda Farg‘ona viloyatidan tashrif buyurgan hasharchilarga beminnat yordamlari uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Tadbirda Zomin tumanida tomorqalardan unumli foydalanish, xonadonlarni uzumchilik va ko‘katchilikka ixtisoslashtirish borasida o‘zlarining munosib hissasini qo‘shgan bir guruh farg‘onalik hasharchilarga Jizzax viloyat hokimining Faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir ishtirokchilariga, farg‘onalik hasharchilarga va tumanimizdagi keksa nuroniylarga viloyatdan tashrif buyurgan va mahalliy ijodkorlar tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar manzur bo‘ldi.