Zomin tuman Tibbiyot Birlashmasi boshlig‘i, tibbiyot fanlari doktori Tilavberdiyev Shuxrat Artikovich.
Zomin – o‘zining tabiati, geografik o‘rni, aholisi soni, egallagan maydoni va boshqa ko‘pgina jihatlari bilan bugun yurtimizning eng mashhur maskanlaridan biriga aylanib bo‘lgan. Dunyoga mashhur taomlari, xilma-xil manzaralari, qulay ob-havosi ortidan nafaqat yurtimizning boshqa viloyatlaridan, balki, xorijdan ham mehmonlar, sayyohlar oqimi tobora ortib borayapti. Shunga yarasha, qurilish-bunyodkorlik deysizmi, servis xizmatlari deysizmi, qishloq xo‘jaligi, fan, ta’lim, madaniyat, san’at kabi barcha sohalarda o‘sish kuzatilayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Ayniqsa, ekoturizmning rivojlanayotgani, to‘rt faslda birdek dam oluvchilar va sayyohlarga xizmat ko‘rsata olish salohiyati bilan boshqa joylardan keskin ajralib turadi. Demak, bu yerda amalga oshirilayotgan islohatlar, o‘zgarishlar ko‘lamini avvalo har birimiz o‘zimizda his etishimiz kerak. Gapni Zominning ta’rifi bilan boshlaganimga yana bir sabab asl kelib chiqishimiz shu yurtdan ekanligi bilan ham bog‘liq va men bu bilan albatta faxrlanaman.
Endi to‘g‘ridan to‘g‘ri tibbiyot sohasiga keladigan bo‘lsak, Zomin tuman tibbiyot Birlashmasida ichki imkoniyatlar, resurslar juda katta. Bu yerdagi mavjud tibbiy asbob-uskunalar, zamonaviy tibbiy jihozlar daraja jihatidan hech bir markazlashgan tibbiyot muassasalarinikidan aslo kam emas. Unda muammo nimada, deyishingiz mumkin. Muammo shundaki, malakali kadrlarning qo‘nimsizligi, yosh, g‘ayratli, bilimga chanqoq, izlanuvchan, bir so‘z bilan aytganda, kreativ mutaxassislarning yetishmovchiligida.
Bizda bir odat bor – yosh, malakasi bo‘lmasa-da, o‘z sohasida puxta bilimga ega bo‘lgan kadr oliygohni tamomlab dastlab qiladigan ishi o‘sha markazlarda qolish, katta-katta sihatgohlarda, klinikalarda faoliyat yuritish bo‘ladi. Aslida buning butunlay aksi bo‘lishi kerak. Malakani, tajribani aynan chekka hududlarda, deylik, qishloq vrachlik punktlarida, oilaviy shifokorlik punktlarida oshirilsa, yana ham yaxshi bo‘ladi. Sababi, aholi orasiga qanchalik chuqurroq kirib borilsa, xalqimiz salomatligini saqlash, turli kasalliklarning oldini olish, ularga barham berishda shunchalik ko‘proq ijobiy natijalarga erishiladi.
Muhtaram Prezidentimizning tibbiyotni rivojlantirish, aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi qator farmon va qarorlari, bugungi kun talabidan kelib chiqqan dolzarb hujjatlarning qabul qilinayotgani sohada mislsiz o‘zgarshlarning amalga oshirilishiga sababchi bo‘ldi. Ana shulardan ilhomlanib, biz ham avvalo birlashmada bepul birinchi tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi bilan birga, pullik xizmat turlarini ham yanada jonlantirish niyatidamiz. Ichki imkoniyatlarni kengaytirish, ichki resurslarni ishga solish uchun birinchi navbatda yaxshi mutaxassis kerak. Bugunga kelib, mana shu kadrlar masalasida ilk qadamlarni qo‘yib boshladik.
O‘zim mazkur biralshmaga rahbar etib tayinlanganimdan keyingi dastlabki kunlardanoq ishni QVP va OShPlarning faoliyatini o‘rganishdan boshladim. Ma’lum bo‘lmoqdaki, u yerlardagi bor tibbiy jihozlardan, laboratoriya uskunalaridan to‘liq foydalanilmay kelinayapti. Aynan hukumatimiz va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qaratilayotgan e’tibor, qolaversa, tumanimiz hokimi Alisher Abdug‘anievning sa’y-harakatlari bilan yaratilgan sharoitlardan unumli, o‘rnida foydalanishda birmuncha oqsoqlik kuzatilmoqda. Shuning uchun ham dastlabki ishni o‘sha QVP va OShPlarda faoliyat yuritayotgan laboratoriya xodimlari, tibbiyot xizmatchilarining malakasini oshirishdan, ularni qayta o‘qitish, kerak bo‘lsa, Tibbiyot birlashmasining o‘zida qisqa muddatli kurslar tashkil etishdan boshladik.
Ushbu o‘tgan davr mobaynida nokamtarlik bo‘lsa ham aytib o‘tishimiz lozimki, poytaxtdan malakali shifokorlar jamoasi taklif etilib, 50 nafarga yaqin zominlik fuqarolarimizning salomatliklarini tiklash maqsadida turli darajadagi jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. O‘sha – ijtimoiy himoyaga muxtoj, nochor oilalar vakillari, otaxon va onaxonlarimiz, bolajonlarimizning ko‘pchiligida jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, ularning to‘liq salomatliklarini tiklagunlaricha nazoratlari o‘zimizda olib borildi. Undan keyin yana bir guruh malakali mutaxassislarni jalb qilib yurak-qon tomir kasalliklari va ichki kasalliklar bo‘yicha muammolari bor insonlarning bepul tibbiy ko‘riklari tashkil qilindi. Va aytishim mumkinki, bu kabi tadbirlarni butun yil davomida vaqti-vaqti bilan yana davom ettirishni rejalashtirib turibmiz.
Aslida rahbariyatda o‘zgarish bo‘lsa butun jamoada qandaydir islohatlar bo‘lishi kutiladi. Lekin men o‘ylaymanki, islohni avvalo har birimiz o‘zimizdan boshlashimiz kerak. Kelajakda nasib qilsa tibbiyot sohasida ham Zomin o‘ziga yarasha mavqega ega bo‘lishi eng oliy maqsadimiz. Bu borada dastlabki qadamlarni ham rejalashtirayapmiz. Bir qator viloyat markazlaridan, poytaxtdan malakali, yosh, chanqoq mutaxassislarni jalb qilmoqdamiz. Bundan tashqari bizda “tibbiyot turizmi” degan atama bor. Demak, ma’lum bir ishlarni, tashkiliy jihatlarni hal etib, ana shu borada ham qator ijobiy ishlarni amalga oshirish ustuvor vazifalarimizdan biri.
O‘zim bir qator ilmiy loyihalar ishtirokchisi va muallifi sifatida dastlab nomzodlik keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, ma’lum darajalarga erishgan mutaxassis bo‘lsamda, rahbar sifatida ham birmuncha tajribam bor. Ana shu tajribani endi Zominda ham qo‘llab, amaliyotga tadbiq etishda katta jamoamiz bilan hamjixat bo‘lib, qo‘lni qo‘lga berib birgalikda ishlashsak, yuqorida aytib o‘tganimdek, islohni avvalo o‘zimizdan boshlasak, albatta kutilgan natijaga erishamiz.
Bu borada ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda targ‘ibot-tashviqot ishlarini ham yangi pog‘onaga olib chiqishimiz shart. Tamoyilimiz – har bitta xonadon bilan uzviy bog‘liqlikni o‘rnatish! Sababi, yuqorida aytib o‘tganimdek tumanimiz ko‘lam jihatdan ham, aholi soni jihatdan ham katta. Biz joylardagi QVP, OShPlar ishini izchil yo‘lga qo‘ysak, oila hamshiralari, oila shifokorlari ishini to‘g‘ri tashkil etsak, aholini 4 ta darajaga bo‘lib olsak, sog‘lom, turli xastaliklarga moyil, surunkali kasallar, nogironligi bor fuqarolarimiz, ikkinchi va uchinchi darajali shaxslarning ro‘yxatini shakllantirib olsak, o‘ylaymanki, ishimiz ancha osonlashadi va shunga qarab yana rejalarimizni puxtalab boraveramiz.
Biz aholiga nafaqat sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishimiz, ularning salomatligini tiklash borasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borishimiz, balki, bu borada o‘zimiz namuna ko‘rsatishimiz ham kerak. Shu maqsadda joriy yilning 1-2 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan “Zamin Ultra - 2024” xalqaro ultramarafonida birlashmamizning o‘n nafar mutaxassis shifokorlari bilan shaxsan o‘zim ham ishtirok etmoqchiman. Marafon Zomin Milliy tabiat bog‘ida bo‘lib o‘tadi. Yugurish yo‘lakchasi dengiz sathidan 2200-2500 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, “Samarqand marafoni” tashkil etilganining 5 yilligi munosabati bilan tashkil etiladi. Poyga masofalari 50 kilometrda – yugurish yo‘lagining eng baland nuqtasi dengiz sathidan 2500 metr balandlikda, 1535 metr balandlikda, 21 kilometrda – yarim marafonchilar Kattashir, Qizilmozor va Obiko‘l bo‘ylab umumiy 635 metr balandlikdagi farqni bosib o‘tsa, 10 kilometrlikda – ishtirokchilar Qizilmozor tog‘ daryosi va Chortang dovoni bo‘ylab 370 metr balandlikdagi panoramik manzaralarni ochadigan kuzatuv maydoniga yugurishadi. Shuningdek, 2 kilometrlik marafonlarda – yugurish yo‘lakchasi Kattashir tog‘ daryosining palma o‘lchamidagi ko‘rinishini namoyish etib, ultramarafon mehmonlari va ishtirokchilari uchun konsert dasturlari, turli ko‘ngilochar dasturlar tashkillashtiriladi.
So‘zimning yakunida mana shu katta-katta rejalarimizni hayotga tadbiq etishda meni qo‘llab turgan tuman rahbariyatiga, jamoamiz a’zolariga o‘zimning minnatdorchiligimni ham bildirib o‘tsam, menimcha maqsadga muvofiq bo‘ladi. Sababi, va’da berish – oson, uning ustidan chiqish uchun esa avvalo hamjixatlik zarur.
("Sharq tongi"ning 9-sonidan)