Ma’lumki, 1-iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida yurtimizda ko‘p yillardan beri nishonlanib kelinmoqda.
Bu kun tumanimizda ham keng miqyosda o‘tkaziladi. Jumladan, joriy yilning 3-iyun kuni Zomin shaharchasidagi “Osiyo” tantanalar majmuasida Zomin tumanidagi 39 ta mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bor iqtidorli bolalar o‘rtasida “Maftunkor ranglar jilosi” ko‘rik tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rik tanlovni mazmunli o‘tishida tuman markazidagi “Osiyo” tantanalar majmuasi homiylik qildi. Ko‘rik tanlov Zomin tuman hokimligi, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Zomin tuman bo‘linmasi, tuman Yoshlar ishlari agentligi, tuman «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi, tuman Mahallalar uyushmasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Ko‘rik tanlovda ishtirok etgan 29 nafar nogironligi bo‘lgan iqtidorli bolalar o‘zlarining iqtidorlarini namoyon qildilar. Ko‘rik tanlov hakamlar hay’atining qaroriga ko‘ra 1 o‘rin Mustaqillik mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 2012 yilda tug‘ilgan Samadov Abrorga nasib etdi. Faxrli 2 o‘rinni Sh.Rashidov mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 2014 yilda tug‘ilgan Abduxalilova Soliha oldi. Faxrli 3 o‘rin Navbahor mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Jo‘raev Mahmudga nasib qildi.
Ko’rik tanlovni tashkil etgan hamkor tashkilotlar tomonidan 1,2,3, o‘rinni olgan g‘oliblarga Faxriy Yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, ko‘rik tanlovda ishtirok etgan barcha nogironligi bo‘lgan iqtidorli bolalarga homiy tashilotlarning sovg‘alari topshirildi.
Tadbir so‘ngida tuman Madaniyat bo‘limi xodimlarining konsert dasturi yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi.