Bugungi kunda mamlakatimizda bug‘doy yetishtirishda ilmiy va amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. G‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini yuqori sifatli elita va birinchi avlodli urug‘lik bilan ta’minlash uchun Rossiya federatsiyasi va boshqa davlatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Fermerlarimiz bug‘doydan yuqori hosil olish uchun xorij va maxalliy bug‘doy urug‘lari ko‘paytirilmoqda. Bu harakatlar natijasida fermerlarga sifatli bug‘doy urug‘larini ekishga imkon yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 16 fevralda qabul qilingan “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonunning 26-moddasida urug‘larning genetik (nav) va ekinboplik sifatlari ko‘rsatilgan muvofiqlik sertifikati (kimyoviy yoki biologik ishlov berilgan) mavjud bo‘lgan taqdirda ekilishi belgilab qo‘yilgan.
Bugungi kunda Zomin tumanida fermer xo‘jaliklari tomonidan bug‘doydan yuqori hosil olish uchun sifatli elita va birinchi avlodli bug‘doy urug‘larini olib ekmoqda. Biroq ayrim hududlarda fermer xo‘jaliklari mazkur qonun talablariga rioya etmasdan muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan, kimyoviy yoki biologik ishlov berilmagan o‘tgan yilning hosilidan olingan (o‘z hisobidan) bug‘doy urug‘larini ekmoqda.
Bunday urug‘larni ekish oqibatida bahor oylarida bug‘doyda qorakuya, fuzarioz, septarioz, un shudring, sariq va qo‘ng‘ir zang kabi kasalliklar keng tarqalishi bilan birgalikda yetishtirilgan bug‘doyning sifat ko‘rsatkichlari o‘ta past bo‘lib, istemolga yaroqsiz bo‘ladi. Natijada kelgusi yil hosili uchun bug‘doy yetkazib berishda muommolar yuzaga kelishi bilan birgalikda davlat va qishloq xo‘jaligi korxonalari manfaatlariga jiddiy zarar keltirishi mumkin. Bundan tashqari fermer xo‘jaligiga kasalliklarga qarshi kurashish uchun texnika va dorilarga qo‘shimcha xarajatlar amalga oshiriladi.
Hurmatli fermerlar kelgusi yil hosili uchun kuzgi bug‘doyni ekishda agrotexnik tadbirlarga rioya etgan holda, ekinboplik sifatlari ko‘rsatilgan muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan, kimyoviy va biologik ishlov berilgan urug‘lik bug‘doylarni ekishni tavsiya etamiz.
Tavsiyalarimizga amal qilsangiz kelgusida bug‘doydan yuqori hosil olishga erishasiz.
Zomin tuman hokimligi bosh mutaxassisi
Saidislom Baratov