Joriy yilning 3 oktabr kuni Zomin tuman soliq inspeksiyasi ma’muriy binosida soliq inspeksiyasi xodimlari hamda aholi va hududda faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etilib, Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi X.Madatov tomonidan
O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘RQ-763-sonli Qonunining mazmun-mohiyati to‘g‘risida tadbir ishtirokchilariga tushuntirishlar berildi.
Jumladan, ushbu Qonunning maqsadi yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning to‘lovga qobiliyatsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligi aytib o‘tildi, Qonunda quyidagi to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari belgilab qo‘yilgan.
Vaqtincha to‘lovga qobiliyatsizlik — agar tegishli majburiyatlar yuzaga kelgan sanadan e’tiboran uch oy ichida qarzdor tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxonalar tomonidan esa olti oy ichida bajarilmasa, sudga murojaat etish sanasida qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir emasligi;
doimiy to‘lovga qobiliyatsizlik — agar sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida, agarda ariza yilning birinchi choragida berilgan bo‘lsa, o‘tgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlari qiymatidan oshib ketgan bo‘lsa. Shuningdek, o‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish ushbu Qonunning 7-moddasiga muvofiq sudga murojaat etish huquqiga ega bo‘lgan shaxsning (organning) arizasi asosida qarzdor yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tgan joydagi, shuningdek qarzdor jismoniy shaxs va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkorning yashash joyidagi sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishlar O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha, ushbu Qonunda belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Qarzdor pul majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan unga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga qarzdorning o‘zi va kreditor ega.
Qarzdor va kreditor to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi arizada qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklashga yoxud tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillarini qo‘llash zarurligini ko‘rsatishi mumkin.
Qarzdor soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan unga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga qarzdorning o‘zi, davlat soliq xizmati organlari, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lgan va (yoki) pul majburiyatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi oldida qarzi bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha vakolatli davlat organi va uning hududiy boshqarmalari (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi) ega bo‘lishi haqida ta’kidlab o‘tdi.
O‘tkazilgan davra suhbatida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga sud raisi tomonidan batafsil javoblar berib o‘tdi.