Joriy yilning 14 oktabr kuni Zomin tumanidagi 34-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosida mahalliy aholi hamda ushbu maktabda taxsil olayotgan o‘quvchilar ishtirokida Jizzax viloyat sudi sudyasi M.Fayazov, Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi X.Madatov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 7 yanvardagi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-139-sonli Qonunining mazmun-mohiyati to‘g‘risida davra suhbatlari tashkil etildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati, uning haytimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar va qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarning bosh omili ekanligi to‘g‘risida aytib o‘tdi.
Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiya O‘zbekiston jamiyatining evolyusion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat bo‘lib, bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamdir.
Tariximizda ilk bora O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilandi. Ya’ni, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlandi.
Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobar ko‘paytirilganligini aytib o‘tildi.
Shuningdek, Ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar ta’lim sohasiga oid ko‘plab modda va normalarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshirilgan.
Jumladan, fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qish huquqi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Asosiy qonunda fuqarolarning bepul boshlang‘ich kasb-hunarga o‘qitilishi ham belgilangan.
Konstitutsiyada davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirilgan.
Yana bir muhim yangilik – davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi konstitutsiyaviy mustahkamlandi. Ushbu normaning kiritilishi jamiyatimizda oila mustahkamligi va mo‘tabarligini barqaror ta’minlashga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Shuningdek, ma’ruzachilar ikkinchi masala yuzasidan to‘xtalar ekan, unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 7 yanvardagi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-139-sonli Qonuni qabul qilinganligi, unga ko‘ra, bola (bolalar) o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo‘lgan shaxs (shaxslar) tushunish kerakligi, bolalar voyaga yetgunga qadar ota-onalar, farzandlikka oluvchilar, vasiylar, homiylari mas’ul ekanligi belgilanganligi aytib o‘tdi.
Bundan tashqari, vasiylik va homiylik — ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ularga ta’minot, tarbiya hamda ta’lim berish, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli hisoblanishini, vasiylik o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan, homiylik esa o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan belgilanishini aytib o‘tdi.
Bola huquqlarini ta’minlashda Davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan, unga ko‘ra;
- bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;
- bolaning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish;
- bolaning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
- bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish;
-bolalar huquqlari va imkoniyatlarining tengligini ta’minlash;
- bola huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirish;
- bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash va boshqa muxim masalalar yuzasidan ma’ruzalar qilib o‘tdi.
Shuningdek, har bir bola o‘zining yoshi, sog‘lig‘ining holati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat qilish, faoliyat turini va kasbni erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash huquqiga ega ekanligi, bolalarni mehnatga tayyorlash uchun umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlarining o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘iga hamda ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun — ular o‘n besh yoshga to‘lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilishi hamda majburiy mehnat taqiqlanishi yuzasidan tushuntirishlar berdi.
O‘tkazilgan davra suhbatida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga sud raisi tomonidan batafsil javoblar berib o‘tildi.