Joriy yilning 16 oktabr kuni Zomin tumani “Xalqobod” MFY binosida mahalliy aholi hamda ushbu hududda faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirokida fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor tumanlararo sudining raisi O.Egamberdiev, sudyasi A.Pulatov hamda Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi X.Madatov tomonidan Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining mazmun mohiyati, O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar va O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 7 yanvardagi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-139-sonli Qonunining mazmun-mohiyati to‘g‘risida davra suhbatlari tashkil etildi.
Jumladan, Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobar ko‘paytirilganligini ta’kidlasak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xususan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilangan. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshirishini, bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlangan va aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi mumkinligi ham belgilangan. Umuman, Konstitutsiyada aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirilgan. Bu aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egaligi bildirib o‘tildi.
Shuningdek, Bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, davlat organlari va boshqa organlarning, tashkilotlarning bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda bola huquqlari bo‘yicha vakolatli organ tashkil etilishi mumkin.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bolaga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda va himoya qilishda ko‘maklashadi, bolaga yoki uning qonuniy vakiliga huquqiy, uslubiy, axborotga oid va boshqa yordam ko‘rsatadi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari:
bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha davlat dasturlari va hududiy dasturlarni ishlab chiqishda hamda ro‘yobga chiqarishda ishtirok etishi;
bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga doir vakolatlarni amalga oshirishda davlatdan va xalqaro tashkilotlardan uslubiy, tashkiliy hamda moliyaviy yordam olishi mumkinligi yuzasidan tushuntirish berib o‘tildi.
Bundan tashqari, har bir bola o‘zining yoshi, sog‘lig‘ining holati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat qilish, faoliyat turini va kasbni erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash huquqiga ega ekanligi, bolalarni mehnatga tayyorlash uchun umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlarining o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘iga hamda ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun — ular o‘n besh yoshga to‘lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilishi hamda majburiy mehnat taqiqlanishi yuzasidan tushuntirishlar berildi
O‘tkazilgan davra suhbatida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga sud raisi tomonidan batafsil javoblar berib o‘tildi.