Yurtimiz dehqonlari uzumdan mo’l hosil olish va etishtirish bo’yicha katta tajribaga ega. Zomin tumanida ham dehqonlarimiz uzumdan daromad olish uchun tokzorlar barpo etmoqda. Hozirgi kunda tumanda 200 dan oshiq dehqon, fermer xo’jaliklari va boshqa tadbirkorlik subyektlarining 3000 gektardan ortiq maydonlarida uzum ko’chatlari parvarish qilinmoqda. Tokzorlarda barcha turdagi agrotexnik tadbirlarni o’z vaqtida sifatli amalga oshirish natijasida yuqori mo’l hosil olishga erishiladi. Jumladan kuz-qish oylarida amalga oshiriladigan ishlar o’z vaqtida bajarilsa yuqori hosil olishga zamin yaratiladi. Tumandagi mavjud tokzorlarda kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlarni o’tkazish bo’yicha quyidagi tavsiyalarni aytib o’tamiz. Birinchi navbatda uzum ko’chatlarini qulay ko’mish maqsadida toklar sug’oriladi. Keyin osilgan ko’chatlar tik simbag’az va voishdan yerga yotqiziladi. So’ngra bir yillik novdalar kesilib, mal’um shaklga keltiriladi. Tok novdalarining soni va tupda joylanishi tokning o’sish kuchiga qarab tartibga solinadi. Tok kesib turilganda uning hosilga kirishi tezlashadi, mo’l hosil berish davri uzayadi va uzumzorda ishlash osonlashadi. Sifatli hosil olish uchun doimo yaxshi pishgan, baquvvat, sog’lom va yerga yaxshi yotadigan, qulay bo’g’im orasiga ega bo’lgan novdalar qoldiriladi. Toklarni kesishda eng avvalo kasalliklar bilan zararlangan novda va zanglar qirqib olinib, uzumzordan tashqariga chiqarilib, yoqib yuboriladi. Uzum ko’chatlarini qishning soviq kunlaridan asrash uchun qo’ndoqlab ko’mish kerak. Qo’ndoqlab ko’mish tuzukkina tajriba va malakani talab qiladi. Bu o’z navbatida kelgusi yil hosil cho’g’iga ta’sirini o’tkazadi. Uzum ko’chatlari qo’ndoqlab bo’lgandan keyin tuproq tashlab ko’miladi. Tokning biror novdasi yoki shoxi chiqib qolmasligi kerak. Bo’lmasa qish sovuq urib kasallanadi. Tokning ustiga qalinroq tuproq tashlagan ma’qul. So’ngra ko’milgan tokning ustiga go’ng sepib chiqilsa bahorda tuproq bilan aralashib ozuqa bo’ladi.
Qish oylarida tokzor bir-ikki marotaba ko’llatib sug’orilsa erta bahorda tuproqning name yaxshi bo’ladi, turli kasalliklar yo’qoladi. Hurmatli dehqonlar, tokzorlarda barcha turdagi shu jumladan kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlarni o’z vaqtida va sifatli amalga oshiring va mo’l hosil olishga erishing.
SH.Q.Turdibekov
O’zagroinspeksiyaning Zomin
tuman bo’limi boshlig’i