Xabaringiz bor har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda tibbiyot xodimlari kuni, kasb bayrami sifatida munosib nishonlanib kelinadi. Bu yil ham 10-noyabr kuni barcha hududlarda ushbu sana munosabati bilan qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, Zomin tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi qator muassasalarda ham kasb bayramiga bag‘ilshangan tadbirlar ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. El ardog‘idagi san’atkorlar, tuman faollari, faxriy shifokor va hamshiralar ishtirokidagi bayram tantanalarida tuman hokimi o’rinbosari S.Anvarov so‘zga chiqib, bayram bilan barcha tumanimiz tibbiyotchilarini, zaxmatkash shifokor va hamshiralarni muborakbod etdi. Shundan so‘ng birlashma rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Sh. Tilavberdiev tibbiyotchilar nomidan tuman rahbariyatiga, mutasaddilarga minnatdorchilik bildirib, o‘z so‘zida bugungi kunda mamlakatimizda ijtimoiy sohalarga, hususan, tibbiyotga bo‘lgan e’tibor, shaxsan prezidentimiz va hukumatning qo‘llab-quvvatlovi, sohadagi islohotlar haqida to‘xtaldi. Birgina tumanimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, yangidan yangi eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, texnologiyalar, shinam va barcha sharoitlarga ega bo‘lib ochilayotgan, qayta ishga tushirilayotgan OShP va QVP, ularga biriktirilayotgan yosh mutaxassislar xususida qator ma’lumotlarni keltirib o‘tdi. Kasb bayrami tantanalarida shu va shu kabi holatlar qator mutasaddilar, faxriylar tomonidan ham e’tirof etilib, faoliyat yuritayotgan malakali shifokorlar, tibbiyot xodimlariga ishiga muvaffaqiyatlar tilandi, ezgu tilaklarga yo‘g‘rilgan tabriklar yangradi.
Bayram tantanalari davomida bir qator tibbiyotchilarga tuman hokimligi va hamkor tashkilotlarning tashakkurnomalari, qimmatli esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.