"2025-yilning Prezidentimiz tomonidan “Atrof-muhitni asrash va “Yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi Oila va xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi rahbar sifatida men uchun ham katta ahamiyatga ega.
Chunki atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish nafaqat global ekologik muammolarga yechim topish, balki oilaviy muhitni yaxshilash, yangi avlod uchun sog‘lom sharoit yaratishda ham muhim o‘rin tutadi.
Joylarda bog‘lar barpo etish, gulzorlar yaratish va qulay ekologiya muhitini ta’minlash bo‘yicha xotin-qizlarni jalb qilishni rejalashtirmoqdamiz. Menimcha, har bir onaning farzandiga qoldirgan eng yaxshi merosi sog‘lom muhitdir. Ushbu yil davomida oilaviy munosabatlarda ham ekologik madaniyatni oshirish, barcha jabhalarda yoshlar va ayollarning faol ishtirokiga erishishga intilamiz.
Ishsiz xotin-qizlar uchun bu yil yangi imkoniyatlar va tashabbuslar bilan boyitiladi. Ekologik yondashuvlar, yashil energiya va tabiiy resurslarni tejash kabi yo‘nalishlarda ularning faol ishtirokini ta’minlash, ayniqsa, uyda turib ishlashga yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga qiziqish bildirgan ayollar uchun muhim ahamiyatga ega.
Shaxsan mening maqsadim – uyda bo‘lgan, ishsiz xotin-qizlarni tabiatni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyotga qaratilgan tashabbuslarda faol ishtirokga jalb qilishdir. Buning uchun ularga ekologik ta’lim va amaliyotlar orqali yangi ko‘nikmalar berish, shuningdek, mahalliy jamoalarda yoshlar va ayollar bilan hamkorlikda tabiiy resurlarni boshqarish va boshqa ekologik faoliyatlar o‘tkazish imkoniyatlarini taqdim etishni maqsad qilganmiz.
Zomin tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i:
Omonova Nigora Nishonboyevna