Joriy yilning 19 noyabr kuni Zomin tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab binosida maktab o‘qituvchilari hamda yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi X.Madatov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor tumanlararo sudi raisi O.Egamberdiev hamda sudyasi A.Po‘latovlar tomonidan Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati yuzasida davra suhbati tashkil etildi.
Jumladan, Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiya O‘zbekiston jamiyatining evolyusion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat bo‘lib, bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamligi haqida ta’kidladi.
Xususan, Konstitutsiyada O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib bo‘lmoqda.
Tariximizda ilk bora O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilandi. Ya’ni, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlandi. Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobar ko‘paytirilganligini ta’kidlasak mubolag‘a bo‘lmaydi. Konstitutsiyada har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilangan. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.
Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlandi. Aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi mumkinligi ham belgilangan. Umuman, Konstitutsiyada aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirilgan. Bu aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egaligini bildiradi..
Shuningdek, Ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar ta’lim sohasiga oid ko‘plab modda va normalarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshirilganligi haqida so‘z yuritdi. Davra suhbati davomida sudyalar tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 7 yanvardagi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-139-sonli Qonunining mazmun-mohiyati yuzasidan ham qisqacha tushuntirishlar berib o‘tdi. O‘tkazilgan davra suhbatida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga sud raisi tomonidan batafsil javoblar berib o‘tildi.