Adolatli soliqlar
Asosiy qonunimizga xuddi ana shunday atama kiritilayotgani yoxud ma’rifatli jamiyatda soliqlarning tutgan o‘rni, fiskal tizimni takomillashtirishning dolzarb ahamiyati xususida
Mamlakatning fiskal tizimi bu – davlat daromadlari va xarajatlarining to‘liq tuzilishi, mablag‘larni yig‘ish va sarflashni bus-butunligicha aks ettiruvchi halqa, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu tizim uzoqni ko‘zlovchi iqtisodiy siyosat yuritish orqali oqilona boshqariladi.
Ayrimlar fiskal soha deganda faqat soliq solish va soliqqa tortish tartibotlarini, soliqlarni muayyan foiz stavkalarida majburiy undirishni o‘ylashadi, xolos. Lekin bu boradagi tushunchalar ham, mavjud masalalarning yechimiga munosabat ham tubdan o‘zgargan. Yangi O‘zbekistondagi soliq siyosati stavkalarni bosqichma-bosqich kamaytirish, ammo soliq bazasini hech kimga og‘irlik solmagan holda kengaytirish orqali umumiy tushum miqdorini sezilarli ravishda ko‘paytirishdan iborat. Chunki o‘z oldiga ulug‘vor maqsadlarni qo‘ygan davlatning xarajatlari shunga yarasha bo‘lishi tabiiy. G‘azna esa birinchi navbatda solig‘u yig‘imlar orqali mustahkamlanadi.
Yangi Konstitutsiyaning 63-moddasida fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi shartligi, soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerakligi belgilab qo‘yilmoqda.
Ko‘pchilik yaxshi biladi, har qanday davlatning iqtisodiy qudrati uning budjeti hisoblanadi. Budjetning asosiy qismini esa soliqlar tashkil etadi. Soliqlardan tushgan pullar mamlakatni har tomonlama rivojlantirishga sarflanadi. Shu sababli har bir fuqaro soliqlarni to‘lashi shart.
O‘z navbatida, davlat ham fuqarolar uchun ortiqcha va og‘ir bo‘lgan soliqlar yoki boshqa yig‘imlarni joriy etmaslik bo‘yicha kafolat berishi, bu kafolat esa qonun bilan mustahkamlanishi zarurdir. Konstitutsiyaga soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi shart deya kiritilayotgani aholi yoki tadbirkor uni to‘lay olishiga qurbi yetishi albatta inobatga olinishini anglatadi. Ortiqcha va mantiqsiz soliqlardan, turli yig‘imlardan voz kechilishi tushuniladi bu normada. Shu tariqa soliq siyosati tobora soddalashtirilib, odamlar uchun manfaatli bo‘lishi ta’minlanadi.
Oxirgi yillarda tadbirkorlar to‘laydigan soliq turlari soni qisqartirilib, aholi va biznes tuzilmalariga soliq imtiyozlari keng qo‘llanila boshladi. Ayrim yig‘imlar 5 baravargacha kamaytirildi. Yashil energetikadan foydalanayotgan soliq to‘lovchilarga 10 yilga qadar imtiyozlar berildi. Mamlakatimizda QQS miqdori 15 foizdan 12 foizga tushirildi. Konstitutsiyaga soliqqa tortish yuzasidan kiritilayotgan yangiliklar esa ana shunday ijobiy o‘zgarishlar izchil va tizimli davom ettirilishi uchun huquqiy asos bo‘ladi.
Ma’lumki, madaniyatimiz va tariximiz qanchalik qadimiy bo‘lsa, soliq solish va soliqqa tortish jarayoni ham shunchalik uzoq vaqtga borib taqaladi. Nomlari ilgari sal boshqacharoq bo‘lgani bilan soliqlar azaldan mavjud edi. Masalan, o‘lpon, xiroj, juzya, zakot, ushr singari soliqlar bo‘lgan. Chunki hech qaysi jamiyat soliqlarsiz shakllana olmaydi, hech qaysi davlat soliqlarsiz to‘laqonli faoliyat ko‘rsata olmaydi. Jahonga taniqli Benjamin Franklin so‘zi bilan aytganda, “Dunyoda hech narsa soliq va o‘lim kabi muqarrar emas”. Mashhur rus ixtirochisi, Rossiya moliya fanining asoschisi Nikolay Turgenev esa “Soliqlarni yo‘qotish talabi jamiyatning o‘zini vayron qilish talabini anglatgan bo‘lardi”, deb yozib qoldirgan.
Jahon miqyosidagi murakkab jarayonlar va O‘zbekistonning ayni paytdagi rivojlanish yo‘lini atroflicha tahlil qilgan kishi konstitutsiyaviy islohotlarning o‘zagi sifatida belgilangan “Inson qadri uchun” tamoyili aslida nimani anglatishini ilg‘ashi mushkul emas. Sirtdan iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiyalash, tadbirkorlik ravnaqiga erishish bosh muddao bo‘lib ko‘ringan yangi islohotlar pirovardida xalqqa farovon turmush sharoitini yaratishga qaratilgan.
Ana shunday yondashuv va qarashlar orqali bugun yana bir dolzarb mavzuga boshqacha rakursdan nigoh tashlamoqchimiz. Soliqlarning ma’rifatli jamiyatda tutgan o‘rni haqidagi fikrlarni mashhurlarning ko‘pchilik tan olgan nazariyalari va zako ajdodlarimiz avval o‘rnatgan tartibotlari bilan taqqoslamoqchimiz. Binobarin, qiyos – qotib qolishdan qutqarib, rostini va afzalini ajratishga yashil chiroq yoqadi.
Amir Temur davrida soliq yig‘ish tizimida tom ma’noda innovatsiyalar yuz berganini hech kim rad etolmaydi. Zotan, Sohibqironning o‘zi “Temur tuzuklari”da aniq ma’lumotlarni avlodlarga oltin meros sifatida qoldirgan: “Amr etdimki, raiyatdan mol-xiroj yig‘ishda ularni og‘ir ahvolga solib qo‘yishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan saqlanish kerak. Negaki, raiyatni xonavayron qilish davlat xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa sipohning tarqalib ketishiga sabab bo‘ladi”.
Shunchalik tiniq bayon etilganki, uning zamiridagi haqiqatni anglamoq uchun usta tarixchi yoki kuchli iqtisodchi bo‘lish shart emas. Izohga ham hojat yo‘q. Bugungi kun nuqtai nazaridan ham isbot talab qilmaydi. Anologsiz aksioma. Dunyoga dovruqli zot necha asrlar naridan hozirgi soliq solish tizimi qanday bo‘lishi lozimligini baralla aytib turgandek. Endi mana shu tartib huquqiy norma sifatida yangi Konstitutsiyada o‘z ifodasini topadi. Bu yangilik esa nainki O‘zLiDeP elektorati, balki butun aholiga qulaylik yaratadi.
Sohibqiron soliqchilarga xalqning ustiga yuk bo‘lmaslik sharti bilan yaxshigina maosh tayinlagan. Nafsiga qullarni, vijdoni oldida so‘roq berib ishlamaganlarni qattiq jazolagan. Qisqasi, Amir Temurning budjetni jamlash va xarjlash xususidagi zakiy falsafasi bugungi islohotlarga ko‘p jihatdan o‘xshaydi. Ya’ni, soliq foizini kamaytirish foyda yo molk-mulk miqdorini yashirmaslikka muhit yaratadi. Soliq solish bazasi kengaygani sayin umumiy tushum qiymati ortaveradi.
Muxtasar aytganda, Konstitutsiyamizning yangi tahririga kiritilayotgan yangi normalar soliq siyosatining adolatli yuritilishi va samaradorligini sezilarli ravishda oshirishga xizmat qiladi.
O‘zLiDeP Jizzax viloyat kengashi raisi
Erkinjon XOLMATOV