TILGA EHTIROM - ELGA EHTIROM
Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 34 yilligi hamda Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan Zomin tumani Mustaqillik mahallasidagi 16-umumtaʼlim maktabida tadbir tashkil etildi.
Unda tuman hokimi oʻrinbosari Sardor ANVAROV, hokim maslahatchisi Mavluda FAYZULLAYEVA, hokimlikning "Sharq tongi" gazetasi bosh muharriri Xayrulla SIDIKOV, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman boʻlinmasi rahbari Gʻanisher SAYDULLAYEV, tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi mutahassisi Omon BERDIBEKOV, bir qator maktablarning Ona tili va adabiyoti fan oʻqituvchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni tuman hokimi oʻrinbosari S. Anvarov ochib berib, sana munosabati bilan barchani qutladi. Shundan soʻng M. Fayzullayeva bayram munosabati bilan sohada erishgan yutuqlari va hamkorlikdagi faolligi uchun bir qator soha vakillari, pedagoglar va oʻquvchi yoshlarga Zomin tumani hokimining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovgʻalarini tantanali tarzda topshirdi.
Tadbirda 16-maktab oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan bayram dasturi namoyish etildi. Maktab hovlisiga oʻrnatilgan soʻz mulkining sultoni, ulugʻ mutafakkir, hazrat Mir Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambar qoʻyilib, buyuk ajdodimiz ruhiga hurmat bajo keltirildi.