Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun aliment undirish yuzasidan
Jizzax viloyati Zomin tumani Shirin mahalla fuqarolar yig‘ini binosida, fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor tumanlararo sudi sudyasi A.Pulatov tomonidan fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan fuqarolarning konstitutsiyaviy haq-huquqlarini to‘laqonli ta’minlash borasida misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirildi. Xususan, ayni shu yo‘nalishda mavjud milliy qonunchiligimizga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu boradagi amaliy ishlar izchil davom ettirilayotgani esa, yanada e’tiborlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 14-bobida Ota-ona hamda bolalarning aliment huquqi va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilgan.
Bunga ko‘ra, 96-modda. Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyati Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart.
Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi.
Voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir.
(96-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 10 martdagi O‘RQ-608-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.03.2020 y., 03/20/608/0278-son)
Ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola bir vaqtning o‘zida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli.
(96-modda O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 10 martdagi O‘RQ-608-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.03.2020 y., 03/20/608/0278-son)
97-modda. Bolalarga ta’minot berishda ota-ona majburiyatlarining tengligi
Voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash va ularga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
98-modda. Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash tartibi
Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lash tartibini o‘zaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar.
Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lash tartibi va shakli haqida ota-ona o‘rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo‘lmasligi kerak.
99-modda. Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga to‘laydigan aliment miqdori
Agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak deb belgilanganligi tushuntirib o‘tildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Zarbdor tumanlararo sudi sudyasi
A.Pulatov