Telefonlar:
(0372) 392-12-12
(0372) 392-14-92
» » SOG‘LOM TURMUSH TARZI

SOG‘LOM TURMUSH TARZI

18 ноябрь 2024 йил
120
0

 

Erta bilan mahallani aylanishning gashti o‘zgacha. Bir yonda hududni teng ikkiga ajratib turuvchi kanal, bir tomon keta-ketguncha hovli-tomorqalar.

Darvozalar saharlab ochilgan, eshik oldiga suvlar sepilgan, barglarini to‘kishdan charchamayotgan daraxtlar butalib, sarishtalangan ko‘cha yuzi gavjum...

Bu – mening mahallamning tong-la bir qarashdagi manzarasi. Qadim va hamisha navqiron Zomin diyorining markazidan salgina teparoqdagi “Bog‘ishamol” mahallasining ayricha ko‘rinishi.

Mahallada ayni vaqtda ikki ming besh yuz nafardan ziyodroq aholi istiqomat qiladi. Shundan, 1310 nafari xotin-qizlardan iborat. Bugunga kelib, 706 nafar tug‘ish yoshidagi ayollar, 351 nafar voyaga yetmagan qizlar ushbu mahallada yashab kelmoqda. Shundan 254 nafari 60 yoshdan oshgan, hayotning past-balandini ko‘rgan, turmush sinovlariga matonat bilan dosh berib, oq-qorani tanigan mo‘tabar onaxonlardir.

Yaqinda mahallamizdagi “Buvijonlar maktabi”ning a’zolari bilan yig‘ilishib, dildan suhbatlashdik. 9 nafar a’zolarning barchalari ko‘p yillar davomida maorif, ijtimoiy sohalarda mehnat qilib, bugunda pensiya gashtini surishayapti. Ular bilan bamaslahat hudud reproduktiv hamshiralari, faol xotin-qizlar va yoshlardan iborat bir guruh shakllantirdik. Ular mahallada men bilan birgama-birga yurib, xotin-qizlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishmoqda.

Darhaqiqat, bugunga kelib, oilalarda sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish, muntazam sport bilan shug‘ullanish, hususan, badantarbiyani kanda qilmaslik, zararli odatlarga berilmaslik, xonadonda gigiena qoidalariga amal qilish, tibbiy va sanitariya bilim hamda madaniyatni oshirish davrning oldimizga qo‘ygan eng muhim talablaridan biridir. Ayni ekologiya va atrof -muhitda turli o‘zgarishlar ro‘y berayotgan, oziq-ovqat mahsulotlarining deyarli yarmidan ko‘pi yarim tayyor, kimyoviy ishlov berilgan va turli bo‘yoqlar qo‘shilgan oziqlardan iborat bo‘lgan pallada xonadon salomatligini dastavval ayol kishi nazoratiga olsa, albatta ijobiy natijalarga erishiladi.

Eng quvonarlisi, bir necha karra tuman, viloyat va Respublika musobaqalari g‘olibi bo‘lgan va ayni damda hududimizdagi 31-umumta’lim maktabida o‘qiyotgan sportchi qizlardan iborat guruhimiz mahalladagi xotin-qizlarning bir qancha jamoaviy sport turlariga bo‘lgan qiziqishlarini aniqlashda, ular bilan birlamchi mashg‘ulotlar o‘tkazishda menga ko‘makchi, dastyor bo‘lib kelishayapti.

Yaqinda maktabda o‘tkazilgan boshlang‘ich sinflar o‘rtasidagi spartakiada bahslarida 2 ta 3-sinflar o‘quvchilari va ularning onalari faol ishtirok etishdi. Maktab jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Sh. Yuldasheva tashabbusi va mahalla xotin-qizlar faollari bilan hamkorlikdagi tadbirda biz ham ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlarni taqdirladik. Ularning bu faolligini ommalashtirish, barcha sinflarda shu kabi musobaqalar tashkil etish, ularda ota-onalar ishtirokini kengaytirish yuzasidan maktab ma’muriyati bilan kelishib oldik.

Bugunda mahalladagi “yettilik”, hususan, shaxsan o‘zimning faoliyatimda kuzatilayotgan masalalardan biri – xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishdan iborat bo‘lmoqda. Bu borada muhtaram Prezidentimizning joriy yil 21-oktabrdagi videoselektorda mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tib, badantarbiya qilish, yugurish, velosiped haydash kabi odatlarni targ‘ib qilish, yengil kasalliklarni ham dori bilan tuzatishga o‘rganib qolishning oldini olish zarurligini qayd etib o‘tgan edilar.

Bu yo‘nalishda tushuntirish ishlarini ayniqsa 30 yoshdan katta aholiga mo‘ljallangan ommaviy dasturlarni ko‘paytirish bo‘yicha alohida topshiriqlar berildi.

Shu maqsadda bugun mahallamizda qator tadbirlar, musobaqalar tashkil etishda “yettilik”dagi yoshlar yetakchisi, ijtimoiy himoya mutasaddisi, maktablardagi jismoniy tarbiya mutaxassislari va mahalla raisi bilan hamkorlikda bir qancha ishlar amalga oshirildi.

 Bir so‘z bilan aytganda, “Sog‘lom turmush – chiroyli turmush” degan shiorga amal qilgan holda, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda xotin-qizlar rolini oshirish uchun bor bilim va salohiyatimizni ishga solish ham burchimiz, ham vazifamiz.

 

 

Zomin tumani “Bog‘ishamol” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli  

Allamurodoa Xulkar Ergashevna

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Foydali havolalar